Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi

    Hukumat 29 Iyul 2022 8299

    Aziz vatandoshlar!

    Qadrli doʻstlar!

    Avvalo, Sizlarni, butun Oʻzbekiston xalqini 30-iyul – Xalqlar doʻstligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

    Koʻp millatli xalqimizning mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyliklaridan biri – “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” degan shior ostida mamlakatimizda millatlararo doʻstlik va ahillikni saqlay olganimiz hisoblanadi, desak, adashmagan boʻlamiz.

    Bizning barcha yutuqlarimiz – u xoh tashqi yoki ichki siyosatda boʻladimi, xoh iqtisodiy yoki madaniy-gumanitar sohalarda boʻladimi – qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlarimiz zamirida jamiyatimizdagi osoyishtalik va totuvlik hal qiluvchi omil boʻlib xizmat qilmoqda.

    Xalqimizda “Tinch elning bogʻi gullar”, degan hikmat bejiz aytilmagan. Mana shu tinchlik bor ekan – taraqqiyot mavjud. Mana shu totuvlik bor ekan – kelajagimiz ham, albatta, yorugʻ boʻladi.

    Barchamiz guvoh boʻlib turibmiz, hozirgi globallashuv davrida jahonda murosasiz raqobat, qurolli toʻqnashuvlar, mafkuraviy nizolar, aholi, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun kurashlar, terrorizm, ekstremizm, separatizm, odam savdosi kabi tahdidlar ayovsiz tus olmoqda.

    Iqtisodiy inqiroz, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi natijasida turli xavf-xatarlar tobora kuchayib, insonlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik, rahm-shafqat, mehr-oqibat kabi muqaddas qadriyatlarga rahna solayotgani, tabiiyki, barchamizni tashvishga soladi.

    Mana shunday murakkab zamonda doimo ogoh va hushyor boʻlib yashash, bebaho boyligimiz boʻlmish barqarorlikni saqlash, jamiyatimizda koʻp millatli katta yagona oila tuygʻusini kuchaytirish qanchalik muhim va dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganiga hammamiz guvohmiz.

    Shu maʼnoda, bu yil jonajon Oʻzbekistonimizda ikkinchi bor nishonlanayotgan Xalqlar doʻstligi kuni yaxshi anʼanaga aylanib, el-yurtimiz oʻrtasida hamjihatlik, oʻzaro totuvlikni taʼminlash va doʻstlik aloqalarini rivojlantirishda beqiyos oʻrin tutadi, deb ishonamiz.

    Muhtaram yurtdoshlar!

    Bugungi kunda saxovatli zaminimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda, taʼlim 7 tilda – oʻzbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirgʻiz va turkman tillarida olib borilmoqda. Eʼtiborli jihati, qardosh tilli maktablarda oʻqiyotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan toʻliq taʼminlanmoqda.

    Inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan tub islohotlarimiz, xususan, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash vazifasi ustuvor maqsad sifatida belgilangan.

    Barcha hududlarimizda “Doʻstlik uylari” tashkil etilib, ularning faoliyati har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi ushbu xayrli rejalar uchun zarur mablagʻlarni yoʻnaltirmoqda, turli subsidiya va grantlar ajratilmoqda.

    Milliy madaniy markazlarning moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, ularga davlat tomonidan zamonaviy texnik uskunalar, mebel jihozlari, milliy liboslar taqdim etilmoqda.

    Markaziy Osiyodagi qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar qayta tiklanib, azaliy rishtalarning mustahkamlanishi xalqimizning xohish-istaklari, orzularini oʻzida ifoda etmoqda.

    Biz yagona Vatan tuygʻusini asrab-avaylash, yosh avlodni mana shu ruhda kamol toptirish borasida samarali faoliyat olib borayotgan Nodira Djanibekova, Nurgul Bazarbayeva, Qaldibek Seydanov, Feruza Xaldarova, Guldana Avezdurdiyeva, Firdousi Guseynov, Sergey Mironov, Zinoviy Noviskiy, Umar Salmanov, Galina Shin, Tamara Akilova, Minsilu Kuliyeva, Lekim Ibragimov, Vera Babiskaya va boshqa turli millat vakillari nomlarini hurmat va ehtirom bilan tilga olamiz.

    Bu yil ham yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yoʻlida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh vatandoshlarimiz yuksak unvon, orden va medallar bilan taqdirlandilar.

    Fursatdan foydalanib, mukofotlangan yurtdoshlarimizni oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, cheksiz kuch-gʻayrat, oilaviy baxt va saodat tilayman.

    Aziz doʻstlar!

    Bu yilgi bayramda ham sizlarni qiziqarli koʻrgazmalar, muloqotlar, ijodiy festivallar, konsertlar, forumlar, anjumanlar, doʻstlar diydori kutmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda asrlar davomida shakllangan millat va elatlar oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik, oʻzaro mehr-oqibat, tinchlik va barqarorlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman.

    Barchamiz uchun Vatan bitta. Biz – Oʻzbekiston degan jannatmakon yurtning farzandlarimiz. Bizning – shu tabarruk zaminda yashayotgan har bir millat vakillarining oʻtmishimiz ham, bugungi taqdirimiz va kelajagimiz ham bir. Bizni ulugʻ va mushtarak maqsad birlashtiradi. U ham boʻlsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir.

    Mana shu ezgu niyat yoʻlida halol mehnat qilayotgan har bir yurtdoshimiz Oʻzbekistonda oʻzining baxtu saodatini albatta topadi. Buning uchun davlatimiz, jamiyatimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

    Sizlarni Xalqlar doʻstligi kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

    Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

    Shavkat MIRZIYOYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti