Oʻzbekiston -Xitoy parlamentlararo hamkorligining yangi bosqichlari muhokama etildi

    Bugun 8-iyulda Oliy Majlis Senatida Butunxitoy xalq vakillari majlisi doimiy qoʻmitasi Raisi Chjao Leszi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston -Xitoy davlatlarining tarixiy munosabatlari qadimdan to bugunga qadar davom etib kelayotgani, ayniqsa, ikki davlat yetakchilarining doʻstona aloqalari va qatʼiy siyosiy irodasi tufayli ushbu hamkorlik mustahkamlanayotgani alohida eʼtirof etildi.

    Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda parlamentlarning tutgan oʻrni yuksak ekanligini, uni amaliy mazmun boyitish lozimligini taʼkidladilar. Bunda parlament doʻstlik guruhlari ishini faollashtirish, oʻzaro tashriflarni amalga oshirish, qoʻmitalar oʻrtasida yaqin munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yoʻnalishlarida tajriba almashish muhimligi qayd etildi.

    Oʻzbekiston viloyatlari va Xitoyning provinsiyalari mahalliy Kengashlari oʻrtasidagi aloqalarni oʻrnatish, hududiy hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha bildirilgan takliflar mehmonlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

    Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Xitoy hududlari oʻrtasida nafaqat savdo- iqtisodiy balki, madaniy-gumanitar, ilm-fan, taʼlim yoʻnalishlarida ham hamkorlikni yanada chuqurlashtirish lozimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati