Ikki mintaqa xalqlarining o'rtasida ko'p tomonlama do'stona va hurmatga asoslangan munosabatlarga guvohlik beruvchi e'tiborga molik voqea va ma'lumotlar tarixiy manbalarda saqlanib qolgan.

Ma'lumki, so'nggi bir necha yillarda O'zbekiston va Xitoy o'rtasida ko'plab yo'nalishlardagi hamkorlik munosabatlari tobora rivoj topmoqda. Xususan, ta'lim sohasida ham yangi tarixiy sahifalar yaratililayotgani bunga yaqqol misol bo'la oladi.

Xitoyda ilm-fanning rivojlanishi, ta'limga berilgan e'tibor, mazkur davlatning jahon miqyosida munosib o'rin egallashiga asosiy omil bo'lib kelmoqda. Shu o'rinda so'nggi yillarda O'zbekiston Respublikasida oliy ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ham o'zining yuqori samarasini ko'rsatmoqda. Pirovardida, ikki mintaqaning ta'lim yo'nalishida olib borayotgan amaliy faoliyati bir maqsad yo'lida mushtarak ekanligini tasdiqlaydi.

So'nggi yillarda ko'plab sohalar qatori ikki mintaqa oliygohlari bilan izchil hamkorlik yo'lga qo'yilmoqda. Birgina Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan Xitoyning Vuxan, Donxua, Zejiang fan va texnologiyalar universiteti, Lanjou kimyo-fizika instituti (CAS), Shinjian kimyo texnologiyalar institutlari bilan izchil aloqalar o'rnatilgan.

2019-yili institut delegatsiyasi Xitoyning Donxua Hefei, Shenjou universitetlariga tashrif buyurgan. Hamkorlik doirasida bugungi kunga qadar  Xitoy oliy ta'lim muassasalariga 40 dan ortiq talaba yozgi maktablarga yuborildi, 11 nafar bakalavr bosqichidagi yoshlar xalqaro talabalarning mobillik dasturi asosida talaba almashinuv dasturida ishtirok etdilar. Namangan muhandislik-texnologiya institutining 5 nafar  ilmiy tadqiqtchilari  xalqaro – “Bir makon - bir yo'l” loyihasi doirasida 1 yillik stajirovka dasturlariga  qatnashdilar.

Bundan tashqari institutimizning 4 nafar yosh professor o'qituvchilari  Xitoyning Zejiang fan va texnologiyalar universiteti, Donxua  universiteti, Xitoy  fan va texnologiyalar universiteti (USTC), Lanjou kimyo-fizika instituti (CAS), Shinjian kimyo texnologiyalar institutlariga Xitoy hukumatining halqaro talabalar uchun ajratilgan “Xitoy hukumati stipendiyasi” dasturi asosida PhD va DSc bosqichida tahsil olish uchun yuborildilar va ulardan 2 nafari bugun o'z ilmiy tadqiqotlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, institutga qaytdilar. Mazkur amalga oshirilgan sa'y-harakatlar talabalarning mukammal bilim olishi va o'z faoliyatlarini olib borishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Bugungi kunda Namangan muhandislik-texnologiya instituti bilan hamkorlikda Xitoy Xalq Respublikasining Zejang  fan va texnologiyalar  universiteti o'rtasida 2 yilga mo'ljallangan “Mis tarkibga asoslangan nanozarrachalarning  o'lchamlari  va uni antibakterial o'z-o'zidan xromogep tolali materiallarga  qo'llash” amaliy loyihasi xamda Vuxan universiteti bilan  xamkorlikda “Xitin-Xitozan asosida termosensorli polimerlar olish texnologiyasi” amaliy loyihalari bajarilmoqda.

Tomonlar o'rasidagi anglashuv memorandum doirasida, shu yilning 15-31-may kunlari Namangan muhandislik-texnologiya institutining bir guruh olimlaridan iborat delegatsiya Xitoyning Zhejiang Sci-Tech universitetiga dastlabki loyiha hisobotlarini muhokama qilish, kelgusi rejalarni belgilash va 3+1 qo'shma dasturlarni amalga oshirish muhokamalarida qatnashish hamda talabalarning yozgi amaliyotini tashkil qilishda Xitoyning ishlab chiqarish korxonalari bilan kelishuvga erishish masalalarida  xizmat safariga yuborilishi ko'zda tutilgan.

Shu qatorda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo'lishi, tashrif dasturiga muvofiq Pekin shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar bo'lib o'tishi ikki minaqa oliy ta'lim muassasalari uchun ham katta imkoniyatlar eshiklarini ochib beradi.

Tashrif doirasida Birinchi O'zbekiston-Xitoy ta'lim forumi o'tkazilishi ham fikrimizning yaqqol dalilidir. Shu yilning 22-23-yanvar kunlari Xitoy poytaxti Pekin shahrida o'tadigan forumda ikki mamlakat tomonidan 100 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari rahbarlari, ilm-fan vakillari, vazirlik va idoralar mas'ullari ishtirok etishi ko'zda tutilmoqda. Mazkur xalqaro forum ikki davlat oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik aloqalarini har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o'taydi.

Forumda O'zbekiston-Xitoy universitetlari o'rtasida oliy ta'lim va ilm-fan yo'nalishidagi aloqalarni jadallashtirish, o'zbekistonlik talabalarning xitoy tilini chuqurroq o'rganishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ta'limda sun'iy intellektni joriy etish, muhandislik, qishloq xo'jaligi, energetika, raqamlashtirish, kimyo sanoati yo'nalishlarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, stajirovka o'tash, spin-off korxonalarini tashkil etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, Xitoy texnologik parklari bilan o'zaro aloqalarni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Ta'kidlash joizki, O'zbekiston va Xitoy o'rtasida ta'lim yo'nalishida amalga oshirilayotgan hamkorlik – sohani yanada rivojlantirish bilan bog'liq keng ko'lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar yuzasidan atroflicha fikr almashinishi, imzolangan hujjatlar, erishilgan kelishuvlar O'zbekiston — Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishiga xizmat qiladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Xitoy va O'zbekiston milliy taraqqiyot va yuksalish yo'lida bundan keyin ham izchil hamkorlikni davom ettiradi. Bu esa  mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlikning yorqin va yangi sahifalarini ochaveradi.

Odiljon Mamatkarimov,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori