“Oʻzbekiston sportchilari “Parij-2024”da muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jami 13 ta medal (8 oltin, 2 kumush va 3 bronza) qoʻlga kiritgan oʻzbek atletlari yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan 206 davlat orasida 13-oʻrinni egalladi”, — deyiladi “lagazetteaz.fr” axborot agentligi tarqatgan “Oʻzbekiston – yangi olimpiya davlati” sarlavhali maqolada.
Unda yozilishicha, erkaklar oʻrtasidagi boks bahslarida Oʻzbekiston butun musobaqa davomida ustunlik qildi va yettita oltin medaldan beshtasini qoʻlga kiritdi. Xususan, 51 kilogrammgacha vazn toifasida Hasanboy Doʻsmatov, 57 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Abdumalik Xaloqov, 71 kilogrammgacha vazn toifasida Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, 80 kilogrammgacha vazn toifasi Lazizbek Mullajonov va +92 kilogramm vazn toifasida Bahodir Jalolov chempionlikni tantana qildi. Hasanboy Doʻsmatov va Bahodir Jalolov esa ikkinchi marta yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldilar.
“Bundan tashqari, Ulugʻbek Rashitov ham taekvondo boʻyicha oʻzining ikkinchi chempionligini nishonladi. Mazkur natija Oʻzbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning toʻgʻri yoʻsinda olib borilayotganidan dalolat beradi”, – deyiladi maqolada.
Yana bir unutilmas voqealar 26 yoshli dzyudochi Diyora Keldiyorova bilan sodir boʻldi. U Parijda 52 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida yaponiyalik mashhur kurashchi Uta Abeni, fransuz Amandine Bushardni va kosovolik Distria Krasnichini magʻlubiyatga uchratib, Olimpiya oʻyinlari oltin medalini qoʻlga kiritgan ilk oʻzbekistonlik ayol sportchiga aylandi.
“Kumush medallarni taekvondo boʻyicha Svetlana Osipova, ogʻir atletikada esa Akbar Joʻrayev qoʻlga kiritdi. Bronza medallariga dzyudo boʻyicha Muzaffarbek Toʻraboyev (-100 kg), Alisher Yusupov (+100 kg), shuningdek, erkin kurash boʻyicha Gʻulomjon Abdullayev (-57 kg) ega chiqdi”, – deb taʼkidlangan materialda.
“lagazetteaz.fr” axborot agentligining yozishicha, Parijda boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari sportning suvga sakrash, kamondan otish va xotin-qizlar kurashi turlarida debyut qildi hamda mamlakatning sport salohiyati yuksalib borayotganini namoyish etdi. Futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasining yozgi Olimpiya oʻyinlariga qoʻlga kiritgan ilk yoʻllanmasi mamlakatda jamoaviy sport turlari ham rivojlanayotganini koʻrsatdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“2024-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari Oʻzbekistonning yuksak sport salohiyatiga ega mamlakat ekanligini bilish imkonini berdi. Xalqaro jamoatchilik 2028-yilda AQSHning Los-Anjellesda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida oʻzbekistonlik sportchilarning chiqishlarini intizorlik bilan kutadi”, – deya qayd etgan “lagazetteaz.fr”.
Nufuzli “Le Figaro” gazetasi saytiga joylashtirilgan Oʻzbekistonning “Parij-2024” Olimpiya oʻyinlaridagi olamshumul gʻalabalariga bagʻishlangan maqolada taʼkidlanganidek, oʻzbek sportchilarining natijalari butun dunyoni hayratda qoldirdi. “Oʻzbekistonning Parijda 13 ta medal, jumladan, 8 ta oltin bilan umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egallashi mamlakatning sport boʻyicha siyosatidagi oʻziga xos strategiyaning samarasi boʻldi”, – deyiladi nashrda.
Gazetada tahlilchi Lukas Obinning qoʻyidagi soʻzlaridan iqtibos keltirilgan: “Baʼzi davlatlar oʻz sportchilarini maʼlum bir sport turlariga chuqur ixtisoslashtirib, Olimpiya oʻyinlarida samarali natijalar koʻrsata oladi. Masalan Oʻzbekiston, shuningdek, bir nechta sport turlarini rivojlantirishda ijobiy natijalarga erishgan Qozogʻiston, Ozarbayjon va Gruziyani qayd etish mumkin”.