Xitoy mamlakat aholisi koʻp isteʼmol qiladigan yashil moshni Oʻzbekiston, Myanma, Indoneziya, Avstraliya va Tailanddan import qiladi. Xitoyda moshning yillik isteʼmol hajmi 2018-yil 89 ming tonna, 2019-yil 113 ming tonna, 2020-yil 205 ming tonna va 2021-yil 290 ming tonnani tashkil etgan.
Oʻzbekiston Xitoyga mosh eksport qilish uchun 2018-yilda ruxsat olgan. Soʻnggi toʻrt yil davomida Oʻzbekistonning Pekindagi elchixonasi Xitoyning tegishli idoralarida yetkazib beruvchilar roʻyxatini shakllantirish va tasdiqlash borasida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bilan ishlamoqda. 2018-yil 24 ta, 2021-yil 72 ta korxona Xitoyga mosh eksport qilgan.
Oʻzbekistondan Xitoyga 2019-yil 28 ming tonna, 2020-yil 75 ming tonna, 2021-yil 112 ming tonna mosh eksport qilingan. 2021-yilning oʻzida eksport hajmi qariyb 100 million dollarga yetgan. Xitoy mosh importida Oʻzbekistonning ulushi 37 foizgacha oʻsdi. Shu tariqa Oʻzbekiston Xitoyga asosiy mosh yetkazib beradigan davlatga aylandi, deya xabar beradi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati.
Maʼlumot oʻrnida Oʻzbekiston Xitoyga quritilgan uzum yetkazib berishda ham yetakchiga aylangan. Ushbu mahsulotlar umumiy import hajmining 55 foiz ulushi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelgan.