Oʻzbekiston 8 ta davlatdagi deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalarni qaytaradi

    Shu yilning 30-iyuldan 30-avgustgacha “Vatanga qaytarish” nomli xayriya aksiyasi doirasida sakkiz davlatning deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalar birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonga qaytarilishi koʻzda tutilmoqda.

    Bu haqda aksiya doirasida boʻlib oʻtgan onlayn muloqotda maʼlum qilindi. Yigʻilishda Tashqi ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi va xorijiy mamlakatlardagi 30 dan ortiq diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etdi.

    Unda “Vatanga qaytarish” xayriya aksiyasini samarali tashkil etish boʻyicha amaliy vazifalar belgilab olindi.

    Jumladan:

    • Elchixona va konsulliklar 7-avgustga qadar xorijiy davlatlarning deportatsiya markazlarida saqlanayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini aniqlab, ularning roʻyxatini Migratsiya agentligiga taqdim etadi.
    • 15-avgustgacha shaxsiy maʼlumotlari yetarli boʻlmagan fuqarolar boʻyicha zarur hujjatlar tayyorlanib, ikkinchi roʻyxat yuboriladi.
    • Migratsiya agentligi taqdim etilgan roʻyxatlar asosida 1–3 ish kuni ichida avia chiptalarni xarid qiladi.

    Fuqaro toʻgʻridan-toʻgʻri Migratsiya agentligiga murojaat etgan taqdirda, agentlik xodimlari 1–2 soat ichida bogʻlanib, hujjatlarni masofaviy qabul qiladi.

    Ariza 1 kun ichida koʻrib chiqiladi va 2 kun muddatda fuqaro yoʻl chiptasi bilan taʼminlanadi.

    Mahalliy hokimliklar, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitalari vatanga qaytarilgan fuqarolarni ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy moslashtirish ishlarini amalga oshiradi.

    Aksiya 2025-yil 30-iyuldan 30-avgustgacha davom etadi. Birinchi navbatda Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Janubiy Koreyaning deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalarni qaytarish koʻzda tutilgan.