“Uzbekistan Airports” AJ asosiy faoliyat koʻrsatkichlarini taqdim etdi. Unga koʻra joriy yilning birinchi yarmida barcha yoʻnalishlar boʻyicha sezilarli oʻsish qayd etilgan.

6 oy davomida respublika aeroportlarida 53 ming 303 ta reys amalga oshirilgan. Shundan 16 ming 319 tasi ichki yoʻnalishga, 36 ming 984 tasi esa xalqaro yoʻnalishga toʻgʻri keladi. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oʻsish 37 foizni tashkil etgani qayd etilgan.

Yanvar-iyun oylarida Oʻzbekiston aeroportlari 6 million 369 ming 384 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatdi. Jumladan, ichki reyslarda 1 million 263 ming 304 nafar, xalqaro reyslarda 5 million 106 ming 80 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilgan. Tahlillarga koʻra, oʻtgan 2023-yilning shu davriga nisbatan oʻsish 36 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, 2024-yilning birinchi yarmida 40 ming 269 tonna yuk va pochta joʻnatmasiga xizmat koʻrsatilgan, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 18 foizga koʻpdir.

Bugungi kunda respublika aeroportlariga 84 ta yoʻnalish boʻyicha yoʻlovchi qatnovi amalga oshirilmoqda, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga koʻproqdir. Bu koʻrsatkich yangi aviatashuvchilarni jalb qilish va bir vaqtning oʻzida bir nechta yangi yoʻnalishlarni ochish hisobiga oshdi. Shuningdek, may oyida Madriddan Toshkent va Urganchga sayyohlik charter reyslari yoʻlga qoʻyildi. “Uzbekistan Airports” AJ 45 ta aviakompaniya bilan hamkorlik qilmoqda.