Yangi shartlar O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida yuk qabul qiluvchi yirik shoxli qoramol, qo‘y va echkilarga ishlov berish xizmatlari uchun haq to‘laganida amal qiladi. Imtiyozli tariflar havo kemasi qo‘ngach, zarur bo‘ladigan asosiy amaliyotlarni – hayvonlarni qabul qilib olish va tushirish, ularni joylashtirish hamda belgilangan aeroportda yukka ishlov berishni o‘z ichiga oladi.
"Bu qaror tadbirkorlarga aeroport xizmatlari uchun xarajatlarni qisqartirishga va umuman, hayvonlarni O‘zbekistonga yetkazib berish tannarxini pasaytirishga imkon beradi. Bu, ayniqsa, logistika xarajatlari import qilinadigan chorva mollarining yakuniy narxiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan yirik partiyalarda muhim ahamiyat kasb etadi. Tariflar, ularni qo‘llash tartibi va xizmat ko‘rsatish shartlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish uchun yuk qabul qiluvchilar bevosita O‘zbekiston xalqaro aeroportlariga murojaat qilishlari mumkin", — deb ta’kidladi "Uzbekistan Airports" AJ tijorat departamenti.
Imtiyozli tariflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PQ-179-sonli qarorida nazarda tutilgan chorvachilikni rivojlantirish va chorva mollarini havo transporti orqali olib kirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari doirasida joriy etildi.
Tarif siyosatining yangilanishi chorva mollarini havo orqali tashishni tadbirkorlar uchun yanada jozibador qiladi va O‘zbekiston aeroportlarida yuk yo‘nalishining yanada rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.