Delegatsiyaga Oʻzbekiston Prezidentining maxsus vakili Ismatilla Irgashev va “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov boshchilik qildi, deya xabar beradi “Dunyo” AA.
Tashrif doirasida Afgʻoniston muvaqqat hukumati rahbariyati va rasmiylari bilan uchrashuv hamda muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Ismatilla Irgasheva Hukumat matbuot markazida Afgʻoniston Bosh vaziri oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Gʻani Barodar, Kon va neft vaziri vazifasini bajaruvchi Hidoyatulloh Badriy va boshqa rasmiy shaxslar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.
Ismatulla Irgashev oʻz nutqida ishtirokchilarni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻonistonni iqtisodiy integratsiya jarayonlariga jalb etish boʻyicha tashabbuslari bilan tanishtirdi.
2024-yil 29-avgust kuni Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasida ochilgan “Termiz” xalqaro savdo markazi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu markaz ishga tushirilgandan soʻng minglab afgʻonlarning turli tovarlar xaridi, savdo-sotiq qilish maqsadida ushbu hududga borishi keskin koʻpaydi.
Qayd etilishicha, markaz hududiga kirish tartibi 15 kungacha boʻlgan muddatga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston-Afgʻoniston tadbiri yakunida Afgʻonistonning Jauzjon va Faryob viloyatlaridagi “Tuti-Maydon” tabiiy gaz konini oʻzlashtirish boʻyicha shartnoma imzolandi.