Oʻzbekiston Afgʻonistonga 183 tonna insonparvarlik yordami joʻnatdi

    Xalqaro hamkorlik 5 Iyun 2025 1107

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻi bilan xalqimizning bagʻrikenglik va qoʻllab-quvvatlash ramzi sifatida “Qurbon hayiti“ (Eid al-Adha) munosabati bilan Afgʻoniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi.

    Surxondaryo viloyati hokimligining xabar berishicha, insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi “Astras“ kompaniyasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining oʻrinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.

    Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh oʻrin olgan.

    Afgʻoniston rasmiylari Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga koʻrsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yoʻllashdi.