баннер
23 Mar 2025
04:13

    Oʻzbekiston Afgʻonistonga 200 tonna insonparvarlik yordami yubordi

    Insonparvarlik yordami tarkibidan un, bugʻdoy, makaron mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi, shakar, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh oʻrin olgan.

    Afgʻoniston aholisiga qariyb 200 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yuki qoʻshni mamlakatning Balx viloyatiga yetkazildi.

    Mazkur insonparvarlik yordami Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga muvofiq, xalqimizning bagʻrikenglik va qoʻllab-quvvatlash ramzi sifatida “Navroʻz” bayrami va yaqinlashib kelayotgan “Ramazon hayiti” (Iyd al-Fitr) munosabati yuborilgan.

    Qoʻshni mamlakatga yetkazilgan zarur oziq-ovqat mahsulotlari Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, shuningdek, Mudofaa, Transport, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi va Tashqi ishlar vazirliklari mutasaddilari hamda Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo hamda ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.

    Insonparvarlik yordami tarkibidan un, bugʻdoy, makaron mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi, shakar, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh oʻrin olgan.

    Shuningdek, Mozori Sharif shahrida ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazilib, kelgusidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Suhbat davomida Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonda barpo etilayotgan Imom Buxoriy maqbarasi qurilishi haqida ham alohida fikr almashildi.

    Afgʻoniston rasmiylari Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga koʻrsatayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yoʻllashdi.

    Tashrif davomida, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan ham tanishildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech