Bu yil ham ushbu sana munosabati bilan bolalar uchun yana bir ma’naviy tuhfa tayyorlandi. O‘zbekiston animatsion studiyalar assotsiatsiyasi ijodkorlari tomonidan yaratilgan yangi animatsion filmlar nafaqat kichkintoylarni qiziqarli va sehrli olamga chorlaydi, balki ularning qalbida ezgulik, mehr-oqibat va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida O‘zbekiston Animatsion studiyalar assotsiatsiyasi hamda “ASTIR” animatsion studiyasi hamkorligida tayyorlangan “Burch izidan”, “Saxovat” va “Zumrad va Qimmat” animatsion loyihalari mazmunan bir-biridan farq qilsa-da, ularni birlashtirib turuvchi umumiy g‘oya — insonparvarlik, oilaviy qadriyatlar va ma’naviy tarbiya masalalaridir.

Bugungi kunda multfilmlar nafaqat ko‘ngilochar vosita, balki bolalar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etuvchi ma’naviy-ma’rifiy mahsulot sifatida qaralmoqda. Shu bois ijodkorlar har bir qahramon, har bir voqea va har bir g‘oyani bolalar ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan tarzda yaratishga intilishgan.

Ijodkorlarning ta’kidlashicha, “Burch izidan” animatsion filmi oila, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat, mas’uliyat hamda himoya masalalariga bag‘ishlangan. Asarning o‘ziga xos jihati shundaki, unda deyarli dialoglar qo‘llanilmagan. Voqealar tomoshabinga faqat tasvirlar, harakatlar va obrazlar orqali yetkaziladi.

Bu esa filmni nafaqat mahalliy, balki turli tilda so‘zlashuvchi tomoshabinlar uchun ham tushunarli va ta’sirchan qiladi. Mutaxassislar fikricha, bolalar ko‘pincha so‘zdan ko‘ra tasvir orqali tezroq ta’sirlanadi va ma’lumotni oson qabul qiladi.

“Saxovat” animatsion filmi esa Alisher Navoiy asarlari hamda xalq og‘zaki ijodidagi mashhur Hotamtoy obrazi asosida yaratilgan.

Asarning asosiy g‘oyasi insonparvarlik va saxiylik fazilatlarini targ‘ib qilishdan iborat. Filmda boylikning haqiqiy qadri uni jamg‘arishda emas, balki boshqalar bilan bo‘lishishda ekani ta’kidlanadi.

E’tiborlisi, mazkur loyihada boy inson obrazi avvalgi talqinlardagi kabi ziqna yoki manfaatparast emas, aksincha, saxovatpesha va bag‘rikeng inson sifatida namoyon bo‘ladi. Bu esa yosh tomoshabinlarda moddiy boylikka nisbatan to‘g‘ri munosabat shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘zbek xalq ertaklari orasida alohida o‘rin tutadigan “Zumrad va Qimmat” bugungi kun ruhiga moslashtirilgan holda ekranlashtirildi.

Multfilmda kitobxonlik madaniyati, bilim olishga intilish, o‘z ustida ishlash va davlat tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar aks ettirilgan. Ijodkorlar fikricha, Zumrad va Qimmat kabi xarakterlar bugungi kunda ham mavjud, faqat ular yashaydigan muhit va voqealar zamonaviy sharoitda rivojlanadi.

Bu orqali yosh avlodga mehnatsevarlik, bilimli bo‘lish va yaxshi xulqning ahamiyati yana bir bor eslatib o‘tiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, filmlar ustida ishlash jarayonidagi eng katta murakkablik tarixiy mavzular bilan bog‘liq bo‘lgan.

Xususan, “Saxovat” filmida tarixiy muhitni haqqoniy aks ettirish uchun ko‘plab manbalar o‘rganilgan. Liboslar, me’moriy inshootlar, turmush tarzi va qahramonlarning tashqi ko‘rinishigacha bo‘lgan barcha jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Chunki tarixiy mavzudagi eng kichik xatolik ham tomoshabinlar e’tiboridan chetda qolmaydi.

Loyihalarning umumiy ishlab chiqarish jarayoni taxminan sakkiz oy davom etgan. Filmlar ustida alohida ijodiy jamoalar ishlagan bo‘lib, ish jarayonida zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ham qisman foydalanilgan.

— Qahramonlarning dastlabki obrazlarini yaratish, ayrim vizual effektlarni ishlab chiqish va tasvirlarni takomillashtirish jarayonlarida AI texnologiyalari yordam berdi, — deya ta’kidlaydi rejissyor Abdulatif Haydarov.

Aktyor va dublyaj ustasi Ixtiyor Otajonovning aytishicha, animatsion filmlarning o‘ziga xosligi shundaki, undagi barcha elementlar noldan yaratiladi.

— Badiiy filmlarda aktyorlarning tabiiy ovozi, harakati va mimikalari mavjud bo‘lsa, multfilmlarda bunday imkoniyat yo‘q, — dedi u. — Ijodkorlar qahramonlarning ovozi, harakati, hissiyotlari va muhitini boshidan yaratishga majbur bo‘lishadi.

Aktyorning ta’kidlashicha, aynan tasvirdagi kadrlarni jonlantirish, ularga ruh va xarakter baxsh etish animatsiya san’atini qiziqarli qilishi bilan birga, juda katta mehnat, sabr va ijodiy yondashuvni talab qiladi.

Shu jihati bilan animatsion filmlar nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham qiziqarli bo‘lib, ularning ma’naviy tarbiyasida muhim o‘rin tutadi.

Xulosa qilib aytganda, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bolalarga sifatli va mazmunli multfilmlar taqdim etish — ularga quvonch va ertak olamini hadya etish bilan barobardir.

Katta mehnat va ijodiy izlanishlar natijasida yaratilgan ushbu animatsion filmlar bolalarga do‘stlik, mehribonlik, saxovat, bilimga intilish va oilaviy qadriyatlarni qadrlash kabi muhim tushunchalarni singdirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bunday milliy multfilmlar yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va ezgulikka ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Madina BOTIRJONOVA,

Lobar BOBOXONOVA,

Zulxumor AKBAROVA