Oʻzbekiston AQSH bilan Amerika paxtasi importi boʻyicha muzokara olib bormoqda

    2025-yil 23–29-iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi AQSHga tashrif buyurdi.

    Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — “Made in Uzbekistan” brendi ostida mahalliy mahsulotlarni targʻib qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan iborat boʻldi. Ushbu tashrif doirasida 25 ta mahalliy toʻqimachilik korxonasi Texworld NYC, Apparel Sourcing USA va Home Textiles Sourcing Expo xalqaro koʻrgazmalarida qatnashdi (Nyu-York shahri).

    Koʻrgazmalar doirasida Bunzl plc, Levi Strauss & Co., PVH Corp., G-III Apparel Group, Kontoor Brands, American Eagle Outfitters, Tapestry Inc., Macyʼs, American Apparel & Footwear Association (AAFA), United States Fashion Industry Association (USFIA), Oritain va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi. Uchrashuvlarda Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilarini AQSH bozoriga chiqarish va sourcing mexanizmi asosida buyurtmalar joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

    Tashrif davomida ISSV vakillari AQSH Savdo vazirligi (U.S. Department of Commerce) bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo toʻsiqlarini kamaytirish va investitsiyalarni faollashtirish boʻyicha mexanizmni ishlab chiqish masalalari koʻrib chiqildi. Oʻzbek mahsulotlarini, jumladan, toʻqimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Amazon, Walmart, Whole Foods Market, Bloomingdaleʼs va The Home Depot kabi yirik savdo tarmoqlarida joylashtirish imkoniyatlari ham alohida muhokama qilindi.

    AQSH Savdo vazirligi huzuridagi CLDP (Savdo huquqini rivojlantirish dasturi) vakillari bilan boʻlgan muzokaralar chogʻida oʻzbekistonlik kompaniyalar uchun AQSH standartlariga mos sertifikatlash va qadoqlash boʻyicha vebinar va seminarlar tashkil etishga kelishib olindi. AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi (USDA) va AQSH Paxta Assotsiatsiyasi bilan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida Oʻzbekistonga AQSH paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va “Made from U.S. Cotton” tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi milliy mahsulotlarni xalqaro bozorga chiqarish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda