Tashrifning asosiy voqeligi – Vashingtonda Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi Raisi A.Mavlonov hamda AQSHning Bojxona chegara xizmati komissari Troy Miller oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston-AQSH oʻrtasida diplomatik aloqalar yoʻlga qoʻyilganidan soʻng oʻtgan 32-yil davomida ikkala davlat bojxona xizmatlari rahbarlari oʻrtasida bu formatdagi yuzma-yuz rasmiy uchrashuv ilk bor oʻtkazilmoqda. Shu boisdan hozirga qadar oʻzaro hamkorlikning huquqiy asosi ham mavjud boʻlmagan.
Davlatimiz Rahbarining 2018 va 2023-yillarda AQSHga amalga oshirgan tashriflari davomida erishilgan muhim kelishuvlar barcha sohalarda oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga yoʻl ochib berdi.
Oʻzbekistonning AQSH bilan tovarlar tashqi savdosi soʻnggi 6-yilda 48 foizga oshdi. Joriy yilning 8 oyida bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 64 foizga oʻsgan. Ammo, mavjud saloohiyat va imkoniyatlardan kelib chiqilsa, bu koʻrsatkichlarni yanada oshirish mumkin.
Buning uchun eng avvalo ikkala davlat bojxona xizmatlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va axborotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish orqali tashqi savdoning kengayishini ragʻbatlantirishga zarurat tugʻiladi.
Shuning uchun ham muzokaralarda asosiy eʼtibor bojxonada xavflarni monitoring qilish, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish hamda inson resurslaridan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.
Uchrashuvnining tarixiy ahamiyati shundaki, Oʻzbekiston-AQSH bojxona xizmati rahbarlari bojxona sohasidagi hamkorlikning muhim huquqiy asosi - “Hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida”gi Bitimni imzolashdi.
Oʻzaro munosabatlarda yangi sahifa ochuvchi mazkur hujjat Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida bojxona sohasida axborot almashish imkonini beradi va giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi, transmilliy jinoiy guruhlar, jinoiy daromadlarni legallashtirish, bojxona toʻlovlaridan boʻyin tovlashga qarshi kurashishda hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Eʼtiborli tomoni shundaki, AQSH bojxona sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi bu kabi ikki tomonlama bitimlarni dunyo boʻylab 200 ga yaqin davlatlar ichida atigi 17 ta davlat bilan imzolagan boʻlsa, Oʻzbekiston bu roʻyxatda 18-davlat sifatida qayd etilmoqda.
Ayni shu jihatning oʻzi mamlakatimizda bojxona sohasini tubdan takomillashtirish va raqamlashtirish borasida erishilgan yutuqlar xalqaro darajada tan olinayotganini koʻrsatadi.
Muzokaralarda AQSH chegara va bojxona xizmatining targetlash boʻyicha mutaxassislarini Oʻzbekistonga jalb qilish, shuningdek oʻzbekistonlik mutaxassislarning AQSHda malaka oshirish imkoniyatlari atroflicha koʻrib chiqildi.
Bojxona qoʻmitasi Raisi A.Mavlonov AQSH Chegara va bojxona xizmati komissari Tomas Millerni Oʻzbekistonga taklif qildi.
Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi AQSHning Milliy targetlash markazi, Kinologiya akademiyasi, Texasdagi San-Antonio xalqaro aeroporti, Laredo shahridagi “World Trade Bridge” avto chegara bojxona posti, “Texas-Meksika” xalqaro temir yoʻl oʻtkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishishlari rejalashtirilgan.