Oʻzbekiston-AQSH hamkorligining keng doirasi xususan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari, gender tengligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Ochiq muloqot va oʻzaro ishonchga asoslangan Oʻzbekiston-AQSH koʻp qirrali hamkorligi jadal rivojlanayotgani, ikki tomonlama munosabatlar siyosat, xavfsizlik, iqtisod va inson huquqlari yoʻnalishlari boʻyicha Strategik sheriklik muloqot darajasiga koʻtarilgani qayd etildi.

Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo muloqot muhim oʻrin tutadi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining parlamentlararo guruhining AQSH Kongressi bilan hamkorlik boʻyicha muloqoti hamda AQSH Kongressidagi “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” faoliyati siyosiy va iqtisodiy sohalarda Oʻzbekiston-Amerika munosabatlarini tizimli rivojlantirishning va parlament diplomatiyasi vositasida muhim masalalarni hal etishning samarali mexanizmiga aylangani alohida eʼtirof etildi.

Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga tarkibiga 38 ta yetakchi kompaniya kiradigan Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi salmoqli hissa qoʻshayotgani, 2023-yil yanvar-iyul oylarida tovar ayirboshlash hajmi 321,5 million dollarni tashkil etgani taʼkidlandi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va ikki davlat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, mehnat munosabatlari yoʻnalishidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, bunda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalarda doimiy maslahatlashuvlarni olib borishga kelishib olindi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston-AQSH munosabatlari nafaqat ikki tomonlama hamkorlik doirasida, balki koʻp tomonlama formatlarda ham oʻzaro manfaatlarni inobatga olgan holda mustahkamlanib boryapti. Shu jumladan “Markaziy Osiyo – AQSH” 5+1 formatidagi Muloqot ham. Ushbu format doirasida kelgusi yilda Amerika tomoni (USAID) bilan tadbirkor ayollarning 5+1 formatida oʻtadigan Xalqaro forum, unda tadbirkor ayollarning faol ishtiroki masalalari ham muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Shuningdek, inson huquqlarini taʼminlash, eʼtiqod va soʻz erkinligi masalalari ham alohida eʼtibor markazida boʻldi.