Uchrashuv davomida “Cotton Campaign” koalitsiyasi tomonidan “paxta boykoti” bekor qilinishi munosabati bilan Amerika brendlari bilan biznes hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama etildi.

USFIA vakili Oʻzbekiston hukumatining paxta xomashyosini yetkazib berishdan yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilishga oʻtishga qaratilgan siyosatini olqishladi. Juliya Xyuz soʻzlariga koʻra, hozirgi vaqtda anʼanaviy bozorlardan yetkazib berish zanjirlari oʻzgargan, bunday sharoitda Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchi oʻziga jalb etuvchi mamlakatga aylanish salohiyatiga ega. Amerikalik riteylerlar va toʻqimachilik brendlari yetkazib berish manbalarini oʻrganishda mehnat normalari va boshqa ijtimoiy standartlarga rioya etilishi nuqtayi nazaridan butun ishlab chiqarish zanjirini kuzatish imkoniyatlariga alohida eʼtibor beradi.

Shu maʼnoda Amerika tomoni toʻqimachilik klasterlari tizimida paxta va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy barqaror usullarini taʼminlashga qaratilgan mexanizmlarni joriy etish borasidagi Oʻzbekiston saʼy-harakatlarini olqishladi.

Uchrashuv yakunida Amerika brendlari va mahalliy toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muvofiqlashtirishni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.