«Sayohat va turizmning yangi davri» shiori ostida o‘tayotgan ushbu xalqaro tadbirda dunyoning 62 mamlakati, jumladan, O‘zbekiston, BAA, Saudiya Arabistoni, Italiya, Germaniya, Kipr, Misr, Ozarbayjon, Belarus, Armaniston, Indoneziya, Malayziya, Janubiy Koreya, Maldiv orollari, Filippin, Tailand, Meksika va boshqa mamlakatlar kompaniyalari qatnashyapti.

Ta’kidlash kerakki, mazkur ko‘rgazmada Markaziy Osiyo mintaqasidan faqat O‘zbekiston o‘zining alohida stendi bilan ishtirok etyapti.

Turizm va sport vazirligi, «Anur tur», «Dolores tur» kompaniyalari, «Xayyat» mehmonxonasi va boshqa sayyohlik tashkilotlari vakillari tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston stendi bo‘lajak sayyohlar va ko‘rgazma tashkilotchilarining e'tiborini tortganligi shubhasiz.

Ko‘rgazma doirasida BAA va Yaqin Sharqdan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, milliy sayyohlik brendini targ‘ib qilish masalalari yuqorida qayd etilgan sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

Ko‘rgazma 19 mayga qadar davom etadi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.