Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini intensiv sinovlardan oʻtkazish va ularni “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoni bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
“Dovyurak jangchi” farqlovchi nishonining koʻrinishi va tavsifi.
Nizom Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, Milliy gvardiya va DXXning (keyingi oʻrinlarda - masʼul vazirlik va idoralar) kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarini (keyingi oʻrinlarda - harbiy xizmatchilar) intensiv sinovlardan oʻtkazish va ularni “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoni bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
Intensiv sinov deganda harbiy xizmatchilarning jismonan baquvvatligini, chidamliligini, ekstremal sharoitlarda turli jismoniy yuklamalarga ruhiy bardoshliligini sinash boʻyicha mashqlar majmui tushuniladi.
Shuningdek, Nizomda moslashuvchanlik koʻnikmasi, piyoda yurish (marsh-yugurish), ruhiy barqarorlik, kuch mashqlari, yagona toʻsiqli yoʻlak, harbiy qismlar, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi, ekstremal sharoit kabi tushunchalar qoʻllaniladi.
Intensiv sinovlarni oʻtkazish va “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoni bilan taqdirlash har yili quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) intensiv sinovlarda qatnashish istagini bildirgan harbiy xizmatchilar 15-avgustga qadar bevosita komandirlariga (boshliqlariga) bildirgi bilan murojaat qiladi;
b) nomzodlarning bildirgilari 25-avgustga qadar harbiy qismlarning umumiy yigʻilishida, ularning oxirgi bir yillik xizmat faoliyatini muhokama qilgan holda koʻrib chiqiladi va nomzodlarning roʻyxati 1-sentyabrga qadar Intensiv sinovlarni oʻtkazish komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda - Komissiya) tavsiya etiladi;
v) Komissiya nomzodlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi va intensiv sinov bosqichlarida ishtirok etishga ruxsat beradi;
g) intensiv sinovlar har yili 15-sentyabrdan 30-sentyabrga qadar har bir vazirlik va idoraning intensiv sinovlarni tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida ichki idoraviy hujjatiga muvofiq alohida-alohida oʻtkaziladi. Intensiv sinovlar uch bosqichda oʻtkaziladi:
- I bosqich - kompleks kuch mashqlarini bajarish;
- II bosqich - 30 km masofaga piyoda yurish (marsh-yugurish);
- III bosqich - yagona toʻsiqlar yoʻlagida umumiy nazorat mashqini, oʻqotar qurollardan (avtomat yoki toʻpponcha) amaliy otish mashqini va pichoq uloqtirish mashqini bajarish.
d) Komissiya 30-sentyabrga qadar intensiv sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan ishtirokchilarni aniqlaydi;
ye) intensiv sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan harbiy xizmatchilar tegishli vazirlik yoki idora rahbari tomonidan 1-noyabrga qadar “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoni bilan taqdirlanadi hamda harbiy unvon va lavozim maoshining bir baravari miqdoridagi bir yoʻla toʻlanadigan bir martalik pul mukofoti bilan mukofotlanadi.
Harbiy xizmatchilarga berilgan “Dovyurak jangchi” farqlovchi nishoni butun xizmat faoliyati davomida saqlanadi va koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi. Xizmat burchini qoʻpol ravishda buzgan, xizmat faoliyati davomida harbiy intizom talablariga zid xatti-harakatlar sodir etgan, harbiy xizmatchining or-nomusi va qadr-qimmatini, harbiy boʻlinma yoki Qurolli Kuchlarning nufuzini obroʻsizlantirgan harbiy xizmatchi mazkur farqlovchi nishondan vazirlik va idora rahbari tomonidan mahrum qilinishi mumkin.
Intensiv sinovlar natijalaridan norozi boʻlgan ishtirokchilar uning natijalari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir sutka ichida apellyatsiya komissiyalariga shikoyat qilish xuquqiga ega.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11.12.2021-yildan kuchga kirdi.