Muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Avstriya munosabatlarining muhim masalalari, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar oʻzbek va avstriyalik tadbirkorlar oʻrtasida sheriklik munosabatlarini oʻrnatish va qoʻshma investitsiya loyihalari sonini oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. 2020-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston-Avstriya tovar aylanmasining oʻsishi oldingi yilga nisbatan 53,6% ni tashkil etgani qayd etildi. Bu boradagi ishlarni yanada faollashtirishga oʻzaro qiziqish bildirildi.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonni Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomini olishda qoʻllab-quvvatlagani uchun Avstriya tomoniga minnatdorchilik bildirildi. Oʻzaro savdoni kengaytirish uchun ochilayotgan ushbu imkoniyatlardan kelib chiqqan holda yangi munosabatlarni oʻrnatish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini yaqinlashtirish boʻyicha kelgusida hamkorlik qilish shakllari belgilandi.

Shuningdek, muloqot chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi va Avstriya Respublikasi oʻrtasidagi Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi. Qoʻshma loyihalar va savdo bitimlarini amalga oshirish boʻyicha aniq kelishuvlarni nazarda tutgan holda yigʻilish kun tartibini amaliy mazmun bilan toʻldirishga doir birgalikdagi saʼy-harakatlar belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida koʻrib chiqilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida hamkorlikni faol davom ettirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.