2022-yil yanvar oyida 113,2 ming dona avtotransport vositasi davlat ro'yxatidan o'tkazildi va o'tgan yilning yanvariga nisbatan 126,4 foizga, 2020-yil yanvar oyiga nisbatan esa 138,4 foizga ko'paydi. Shu bilan birga 2021-yilning dekabriga nisbatan o'sish sur’ati 96,5 foizni tashkil etdi.

Ekspertlar avtomobillarni ro'yxatdan o'tkazishlar sonining keskin darajada o'sishini 2022-yil 1-yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig'imning to'liq bekor qilinishi hamda oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida belgilanishi bilan izohlashmoqda.

O'zbekistonga avtotransport vositalarini sotib olish va/yoki vaqtinchalik olib kirishda to'lanadigan yig'im 2022-yilgi davlat byudjeti to'g'risidagi qonunga asosan bekor qilindi.

Qayd etish lozimki, 2022-yil yanvargacha fuqarolar ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobillar oldi-sotdi shartnomalarini davlat ro'yxatidan o'tkazishda ortiqcha xarajatlarga yo'l qo'ymaslik uchun “umumiy ishonchnoma” rasmiylashtirishni afzal ko'rar edi. Qonunchilikka kiritilgan o'zgartirishlar natijasida avval “umumiy ishonchnoma” bo'yicha avtomashina sotib olgan fuqarolar avtotransportni o'z nomiga rasmiylashtira boshladi.

Joriy yilning yanvar oyida birlamchi bozordan sotib olingan avtomobillar soni 27,9 mingtani tashkil etgan. Yil boshidan buyon avtomobillar savdosi 2021-yil dekabr oyiga nisbatan 2,7 foizga oshdi.

Bozorning o'sishi asosan foydalanilgan avtomobillarni sotish va sotib olish hisobiga ta'minlandi. Ikkilamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni 85,3 mingtaga (o'sish 180,2 foiz) etdi.

Yangi avtotransport vositalarini ro'yxatdan o'tkazishlar soni Samarqand (95,6 foiz), Surxondaryo (89,4 foiz), Navoiy (75,4 foiz) va Farg'ona (60,5 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada oshgan bo'lsa, Toshkent shahrida (-44,7 foiz) va Toshkent viloyatida (-0,9 foiz) kamayish kuzatildi.

Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar oldi-sotdi shartnomalari soni 1,9 mingtani tashkil etib, 2021-yil dekabr oyiga nisbatan 41 foizga kamaydi (2021-yil yanvar oyiga nisbatan o'sish – 71 foiz). 

Ikkilamchi bozordan sotib olingan avtotransport vositalarini rasmiylashtirishlar soni eng ko'p bo'lgan hududlar Toshkent shahri – 13,6 ming  (2021-yil dekabrda – 2,1 ming), Samarqand – 9,7 ming (3,7 ming), Farg'ona – 9 ming (2,9 ming), Namangan – 8,1 ming (2,7 ming), va Andijon – 7,2 ming (2,3 ming) viloyatlari bo'ldi.    

Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha O'zbekistonda mashinasozlik sanoatini rivojlantirish bo'yicha yig'ilish o'tkazdi. Mazkur yig'ilishda ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, hukumatga import avtomobillar uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish bo'yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirig'i qo'yildi. Ushbu chora avtomobillarni sotib olish uchun ichki talabni qondirishga yordam berishi kerak.

Xalilulloh Hamidov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri