Mazkur turnirda Oʻzbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalari ham ishtirok etishdi.
Quvonarlisi, Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi musobaqa yakunida bronza medalini qoʻlga kiritish bilan birga, shu yilning 1-7-may kunlari Germaniyaning Berlin shahrida oʻtkaziladigan Jahon kubogining ikkinchi divizioni musobaqasiga yoʻllanmani ham qoʻlga kiritdi.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi bunday turdagi nufuzli musobaqaga ilk marotaba yoʻllanmani qoʻlga kiritmoqda.
Vakilalarimiz turnirda Tailand terma jamoasini 16:13, Singapurni esa 11:10 hisobida magʻlubiyatga uchratib, bronza medaliga ega chiqishdi.
Ayollar oʻrtasidagi musobaqa yakunlariga koʻra, Qozogʻiston vakillari birinchi, tailandliklar ikkinchi, Oʻzbekiston terma jamoasi esa uchinchi oʻrinni band etdi.
Erkaklar oʻrtasidagi bahslarda Oʻzbekiston, Xitoy, Singapur, Eron, Tailand, Gonkong, Qozogʻiston, Filippin kabi jami 8 ta terma jamoa ikki guruhga boʻlingan holda ishtirok etdi. Oʻzbekiston terma jamoasi “A” guruhidan oʻrin egalladi.
Terma jamoamiz guruh bosqichi oʻyinlari yakuniga koʻra, 5-8 oʻrinlar uchun kurashni davom ettiradigan boʻldi. Pley-off bosqichining dastlabki uchrashuvida Gonkong terma jamoasini 12:11 hisobida magʻlubiyatga uchratgan vaterpolchilarimiz, 5-6 oʻrinlar uchun Singapur termasi bilan bahs yuritadigan boʻlishdi.
Mazkur uchrashuv kutilganidek soʻnggi daqiqalarga qadar murosasiz kurashlar ostida kechdi va unda musobaqa mezbonlari bir toʻp farqi bilan 12:11 hisobida gʻalaba qozondilar.
Shunday qilib, erkaklar oʻrtasida boʻlib oʻtgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi kuchli oltilikdan oʻrin egalladi. Mazkur musobaqada Xitoy termasi oltin, Eron vakillari kumush, qozogʻistonlik vaterpolchilar esa bronza medaliga sazovor boʻlishdi.