Oʻzbekiston ayollar uchun ham, yakka sayohatchilar uchun ham juda xavfsiz boʻlgan sayyohlik yoʻnalishidir

    Turizm 17 Avgust 2022 1757

    Britaniya-Hindiston ixtisoslashtirilgan turistik media portali — “The Lifestyle” sahifasida Oʻzbekiston sayyohlik brendining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotson bilan mamlakatimizning sayyohlik jozibadorligi haqidagi intervyu eʼlon qilindi.

    Suhbatda qayd etilganidek, ikki ming yilliklar davomida madaniyat markazi hisoblangan Oʻzbekiston ajoyib meʼmorchilikka ega, qadimiy shaharlar kolleksiyasining vatani boʻlgan mamlakatimiz diqqatga sazovor maskanlari boʻyicha Markaziy Osiyodagi eng mashhur sayyohlik yoʻnalishi hisoblanadi.

    Sofi Ibbotson YUNESKOning Jahon merosi obyektlari boʻlgan va qadimiy tarix hamda muhtasham meʼmoriy yodgorliklarga ega boʻlgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini ziyorat qilishdan tashqari, Fargʻona vodiysi bilan tanishishni ham tavsiya etadi. “Bu nafaqat hunarmandchilik, xususan, sopol buyumlaru ipak ishlab chiqarishi bilan mashhur boʻlgan mintaqa, balki Janubiy Osiyodan kelgan sayohatchilar uchun juda qiziqarli manzil hamdir. Chunki aynan shu yerda Boburiylar sulolasi paydo boʻlgan. Bundan tashqari, arxeologiya muxlislari Surxondaryo viloyatining Termiz shahri va Qoraqalpogʻistonni ham oʻz koʻzlari bilan koʻrishlari juda qiziqarli kechadi”, deya taʼkidlaydi u.

    Oʻzbekistonning mehmonxona tarmoqlari haqidagi atroflicha maʼlumotlar ham ushbu suhbatdan alohida oʻrin olgan. Shu oʻrinda Sofi Ibbotson hashamatli mehmonxonalardan tortib butik-mehmonxonalar va oʻtov lagerlarigacha boʻlgan turar joylarning katta tanlovi, shuningdek, faol dam oluvchilar uchun Amirsoy togʻ kurorti imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlarni oʻrtoqlashgan.

    Shu bilan birga, Sofi Ibbotson boy va rang-barang milliy taomlarimiz haqida toʻxtalar ekan, bir qator anʼanaviy taomlar, shuningdek, qulay transport infratuzilmasi tafsilotlariga, shu jumladan, “Afrosiyob” tezyurar poyezdining qatnoviga alohida urgʻu bergan.

    Muallif Oʻzbekiston ayollar uchun ham, yakka sayohatchilar uchun ham juda xavfsiz boʻlgan sayyohlik yoʻnalishi ekanligini alohida taʼkidlagan.

    Yuqoridagilar bilan birga, ushbu intervyuda Oʻzbekistonda sayohatchilar uchun amal qiladigan vizasiz rejim hamda elektron viza imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar ham oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.