O‘zbekiston bakteriologik qurollarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga qo‘shildi

    Harbiy 19 Iyun 2020 1090

    O‘zbekistonning Bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga qo‘shilishi haqidagi qonun ma'qullandi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga (Jeneva, 1925-yil 17-iyun) qo‘shilishi haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan ma’qullandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

    Ushbu Protokol 1972-yilning 10-aprel kuni Moskva, London va Vashington shaharlarida imzolangan bakteriologik (biologik) va toksik qurollar zaxirasini yig‘ish, ishlab chiqish va ishlab chiqarishni taqiqlash va ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi Konventsiya talablarini mustahkamlovchi hamda to‘ldiruvchi hujjat hisoblanadi.

    Bugungi kunda ushbu Jeneva protokoliga dunyoning 142 ta davlati, jumladan, MDH mamlakatlaridan Armaniston, Moldaviya, Rossiya, Tojikiston, Ukraina hamda Qirg‘iziston qo‘shilgan.

    Senat a’zolari mazkur qonunning qabul qilinishi respublika mudofaa sohasining samarali tizimini ta’minlash hamda uni rivojlantirish alohida o‘rin egallashini, qolaversa, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.

    Shuningdek, mazkur Protokolga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi milliy qonunchilik me'yorlariga mos kelishi hamda qonunlar bilan muomalaga kiritilgan xalqaro shartnomalar talablariga zid kelmasligi qayd etildi.