Tomonlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov va Bangladesh tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Maʼsud Momen boshchilik qildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, siyosiy maslahatlashuvlar ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar tarixida ilk bor oʻtkazilyapti.
Delegatsiyalar ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
BMT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzaro hamkorlikning huquqiy bazasini kengaytirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida ishchi guruhlar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish va kengaytirishga koʻmaklashish, oʻzaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muloqotda Oʻzbekiston-Bangladesh kun tartibining boshqa masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.