Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingida 19 pogʻonaga koʻtarildi

    “Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʻi” xalqaro tashkiloti tomonidan 2025-yil uchun eʼlon qilingan Barqaror rivojlanish hisoboti reytingida Oʻzbekiston oʻz koʻrsatkichini 19 pogʻonaga yaxshilab, 167 ta mamlakat orasida 62-oʻrinni egalladi.

    Hisobotda qayd etilganidek, Oʻzbekiston 2015-yildan buyon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqalarida Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha eng tez surʼatlarda taraqqiyotga erishgan davlat sifatida eʼtirof etilgan.

    Hisobotda mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori baholandi.

    Xususan, kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sifatini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, gender tenglikka erishish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, raqamli va yashil iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, shuningdek, statistik maʼlumotlarning ochiqligini oshirish sohalarida erishilgan yutuqlar alohida qayd etildi.

    Xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasidagi yutuqlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli institutsional va tarkibiy islohotlarning natijasi deb taʼkidladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.