Oʻzbekiston Berlindagi turizm yarmarkasida ishtirok etadi

    Turizm 28 Fevral 2023 901

    Joriy yil 24-fevralda Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov va Germaniyaning “Mangold Consulting GmbH” kompaniyasi raisi, professor Klaus Mangold oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekistonning Yevropa va butun dunyodagi mavqeini oshirish, xususan, mamlakatning boy madaniyati va turizm salohiyatini xorijda keng namoyish etishdir.

    Taʼkidlash kerakki, Germaniya turistik assotsiatsiyasi (DRV) bilan hamkorlikda “Destination Forum” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Unga koʻra, 2023-yil may oyida DRV tarkibiga kiruvchi Germaniyaning eng salohiyatli turistik operatorlari va eng yirik turistik agentliklari vakillari (umumiy 70 kishiga yaqin) uchun Oʻzbekistonda seminar tashkil etish koʻzda tutilgan. Uchrashuvda ana shu masala yuzasidan ham muzokaralar olib borildi.

    K.Mangold, shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligi vakillarining joriy yil 7–9-mart kunlari Germaniyaning Berlin shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan “ITB-Berlin” sayyohlik yarmarkasidagi ishtirokidan manfaatdor ekanligini va mazkur tashrif Oʻzbekiston va Germaniyaning turizm sohasidagi aloqalarini yanada mustahkamlashini taʼkidlab oʻtdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Qayd etish joizki, “ITB-Berlin” (Berlindagi Xalqaro turizm birjasi) – dunyodagi eng yirik sayyohlik yarmarkalaridan biri boʻlib, har yili Berlindagi “Messe Berlin” yirik koʻrgazma majmuasi hududida oʻtkaziladi.

    Maʼlumot uchun, 2022-yil 23-noyabrda Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda Klaus Mangold oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtgandi. Uchrashuvda Oʻzbekistonga yevropalik sayyohlar oqimini oshirish, “Uzbekistan” milliy brendini xorijda keng targʻib etish va boshqa muhim masalalarga eʼtibor qaratilgan.