Seminarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ma'ruza bilan ishtirok etdi.
Biznes-seminarda jadal rivojlanayotgan O'zbekiston bozorida savdo, investitsiya va nizolarni hal etishning dolzarb mavzulari muhokama qilinib, xorijiy kompaniyalar uchun mamlakatimizda biznes yuritishning huquqiy va amaliy jihatlari ko'rib chiqildi.
Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov o'z nutqida O'zbekiston va Belarus o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik, ishlab chiqarishning bugungi holati haqida so'z yuritdi. Jumladan, Belarus Respublikasi Prezidentining 2024-yil fevral oyidagi davlatimizga tashrifi chog'ida imzolangan ilmiy-ishlab chiqarish, energetika, intellektual mulk, sport, madaniyat, san'at, ta'lim, qishloq xo'jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik to'g'risidagi bitim va protokollarning ahamiyatiga to'xtaldi.
Shuningdek, Markaz rahbari “O'zbekiston-2030” strategiyasi doirasida ikki davlat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadigan bir qancha asosiy yo'nalishlar bo'yicha gapirdi.
Xususan, qishloq xo'jaligi texnikasi, to'qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma korxonalarni rivojlantirish, energetika sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish, soha infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, shuningdek, fan va texnologiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo'shma ilmiy markazlar va laboratoriyalar, ta'lim dasturlari va muassasalarini yaratish kabi qator soha va yo'nalishlarda o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlarini beruvchi aniq maqsadlar belgilanganligini ta'kidlab o'tdi.
“O'zbekistonning strategik maqsadlarini hisobga olgan holda, Belarus Respublikasi bilan mazkur sohalardagi faol hamkorlik “O'zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadli ko'rsatkichlariga erishish va ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga sezilarli hissa qo'shadi” – dedi Eldor Tulyakov.
Seminar davomida ishtirokchilarga biznes madaniyatini o'rganish va shaxsiy aloqalarni o'rnatish, ish yuritishda moslashuvchanlik, bitimlar tuzishda rejalashtirish va risklarni baholash bo'yicha umumiy amaliy tavsiyalar berildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati