Maqola muallifi - Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov Oʻzbekiston Afgʻonistonga nisbatan anʼanaviy tarzda oʻzaro hurmat, teng huquqlilik va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan doʻstlik siyosati yuritayotganini taʼkidlagan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Ashxobodda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammitidagi nutqida Afgʻonistondagi murakkab vaziyatga alohida toʻxtalib oʻtgani maʼlum qilingan.

“Dunyo” AA muxbirining taʼkidlashicha, nashr Oʻzbekiston Prezidenti nutqidan “Xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qoʻshnilar yordamisiz afgʻon xalqi yakka holda bu qiyin sinovlardan oʻta olmaydi. Shu bois afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatish boʻyicha saʼy-harakatlarimizni birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishimiz kerak”, deb iqtibos keltirgan.

2016-yildan buyon Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida barcha darajalarda tizimli muloqot olib borilayotgani, bu aloqalar eng murakkab damlarda ham uzilib qolmagani qayd etilgan. Oʻzbekiston bugun va istiqbolda Afgʻonistonning nafaqat yakkalanib qolishining oldini olish, balki qoʻshni davlatga insonparvarlik yordami koʻrsatishni faollashtirish zaruratidan kelib chiqmoqda. Toshkent Afgʻoniston bilan chegarani ochib, zarur tovarlar, xususan, oziq-ovqat va neft mahsulotlari yetkazib berishni tiklagani, elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishni davom ettirayotgani xabar qilingan.

Oʻzbekiston oʻz siyosatida Afgʻonistonning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy-xoʻjalik aloqalariga qoʻshilishiga ustuvor ahamiyat bermoqda. Kobul bilan oʻzaro hamkorlikni bosqichma-bosqich va toʻliq tiklash, jumladan, xalqaro sheriklar ishtirokida “Surxon – Puli-Humri” elektr liniyasi, shuningdek, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻli qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bormoqda, deb taʼkidlangan maqolada.

Oʻzbekiston barqaror, tinch va farovon Afgʻoniston koʻpmillatli afgʻon xalqi, uning mintaqadagi qoʻshnilari va butun jahon hamjamiyatining manfaatlariga javob berishiga ishonch bildiradi.