Oʻzbekiston biologik xilma-xilligi bilan ajralib turadigan ulkan mintaqa

    Taxminan 5 ming 600 hayvon va 30 ming oʻsimlik turlari SITES tomonidan himoya qilinadi.

    Belgiyaning “Travel Tomorrow” jurnali veb-saytida Oʻzbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi saʼy-harakatlariga bagʻishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Maqolada taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston nafaqat dunyoga koʻplab moddiy va nomoddiy meros yodgorliklarini qoldirgan buyuk sivilizatsiyalar vorisi, balki oʻziga xos tabiati, biologik xilma-xilligi bilan ajralib turadigan ulkan mintaqadir. Boshqa mamlakatlar singari Oʻzbekistonda ham oʻta jiddiy ekologik muammolar, shu jumladan, flora va faunaning noyob turlarini saqlab qolish bilan bogʻliq muammolar mavjud.

    Shu munosabat bilan mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Xususan, 1995-yilda Oʻzbekiston Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilib, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha qator milliy dastur va rejalarni, xalqaro loyihalarni amalga oshirdi.

    Maʼlumotlarga koʻra, mamlakat Global ekologik fond (GEF), Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMT TD), Atrof-muhit dasturi, YUNESKO, Butunjahon yovvoyi tabiat fondi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.

    Shuningdek, Oʻzbekiston 1997-yilda Oliy Majlis qarori bilan yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan yovvoyi hayvonot va oʻsimlik dunyosining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiyaning (SITES) ishtirokchisiga aylandi.

    “Taxminan 5 ming 600 hayvon va 30 ming oʻsimlik turlari SITES tomonidan himoya qilinadi, ularning har biri konvensiyaning uchta ilovasidan biriga biriktirilgan. Oʻzbekistonning ushbu konvensiyadagi ishtiroki yovvoyi hayvonlarning noyob turlarining xalqaro savdosiga qarshi kurashish imkoniyatini beradi, shuningdek, ularning mamlakat chegaralari boʻylab harakatlanishini nazorat qiladi”, deyiladi maqolada.

    Hozirgi kunda Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiya boʻyicha majburiyatlarni bajarish doirasida qator loyihalar, xususan, BMT TD-GEF hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining “Asosiy togʻ hududlarida tabiiy va oʻrmon resurslarini barqaror boshqarish” loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu muhim loyihaga GEF 5 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, BMT TD-GEF va Geodezkadastr yaylovlar bosimini kamaytirish loyihalari uchun 2,6 million dollar beradi.