Oʻzbekiston biznes doiralari innovatsion rivojlanish yoʻlida

    Sanoat 27 Aprel 2022 2331

    25-aprel kuni “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida start olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro koʻrgazmasida dunyoning oʻndan ziyod mamlakatidan kelgan turli soha vakillari mehmon boʻlib turibdi.

    Uch kun davomida ishtirokchilarning professional muloqot maydoniga aylanadigan tadbir yurtimizning iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat hayotidagi yana bir muhim voqelikdir.

    Koʻrgazmada Oʻzbekiston, Rossiya, Belorus, Vengriya, Fransiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlardan 700 dan oshiq ishlab chiqarish kompaniyalari va biznes delegatsiyalari, 1300 dan ortiq jismoniy shaxslar qatnashmoqda.

    26-aprel kuni “Innovatsion hamkorlik tizimini rivojlantirish” mavzusi muhokama qilindi. Unda Bardin nomidagi “Chermet”, FDU Markaziy ilmiy-tadqiqot instituti, “Magnitogorsk” temir-poʻlat kombinati, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Metalloinvest”, “Enter injiniring LTD”, “Toshkent metallurgiya kombinati” kabi metallurgiya sohasining qator yetakchi kompaniya vakillari ishtirok etdi.

    Ushbu muhokama doirasida NITU MISIS, “Oʻzmetkombinat” AJ va NITU MISIS Olmaliq filiali oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Imzolash marosimida NITU MISIS fan va innovatsiyalar boʻyicha prorektori M.R. Filonov, “Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi R.X. Pirmatov va “MISiS” AF NITU direktori F.Ya. Umarov ishtirok etdilar. Mazkur kelishuv tomonlarga fan-taʼlim-ishlab chiqarish sohasida oʻzaro integratsiyalashuvda keng imkoniyatlar ochadi.

    Bugun koʻrgazma maydonida “Rossiya va Oʻzbekiston universitetlarining boʻlajak soha yetakchilarini tayyorlashning eng ommabop va dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro hamkorligi” mavzusidagi “davra suhbati” boʻlib oʻtmoqda.

    Ushbu sessiyada NITU MISIS birinchi prorektori S.Salihov soʻzga chiqdi. “Davra suhbati” ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston va Rossiyaning qator oliy oʻquv yurtlari vakillari ham ishtirok etmoqda.