Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasiga AQSH tomonidan 50 dona ST-40 koʻrik majmuasi taqdim etildi

    Ushbu uskunalar chegara xavfsizligi va xizmat faoliyati samaradorligini oshirishda oʻz samarasini beradi

    Bojxona qoʻmitasida Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

    Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi bojxona hamkorligining hozirgi holati va istiqbollarini atroflicha muhokama qilishdi.

    Tadbir doirasida Bojxona qoʻmitasida AQSHning Eksport nazorati va chegara xavfsizligi (EXBS) dasturi doirasida 50 dona ST-40 koʻrik majmuasini qabul qilish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

    AQSH elchisi J.Xenik ushbu uskunalar chegara xavfsizligi va xizmat faoliyati samaradorligini oshirishda oʻz samarasini berishini taʼkidlab oʻtdi.

    Shuningdek, AQSH tomonidan kelgusida Bojxona qoʻmitasi uchun zarur boʻlgan uskunalarni tanlash boʻyicha hamkorlikda ish olib borish mumkinligini bildirildi.

    Shu bilan birga, uchrashuvda joriy yilning 18-19-aprel kunlari Bojxona institutining Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakultetida AQSHning EXBS dasturi tomonidan Bojxona qoʻmitasi xodimlari uchun ST-40 koʻrik majmuasidan samarali foydalanish boʻyicha oʻquv kursi oʻtkazilishi rejalashtirilib olindi.