O'zbekiston boks federatsiyasi medallar jamg'arish bo'yicha Osiyoda eng yaxshi deb topildi

    “Yil federatsiyasi” mukofotini O'zbekiston boks federatsiyasi raisi maslahatchisi Malik Babayev qabul qilib oldi.

    Tailand davlatining Bangkok shahrida Osiyo boks konfederatsiyasining navbatdan tashqari kongressi bo'lib o'tdi. Bu haqida Federatsiya axborot xizmati xabar bermoqda.

    Ushbu Kongressda kun tartibi bo'yicha Osiyo boksi atrofidagi turli masalalar ko'rib chiqilishi bilan birgalikda, 2022-yilda Osiyo mintaqasida bo'lib o'tgan barcha musobaqalar hisobotlari taqdim etildi.

    Unga ko'ra, O'zbekiston boks federatsiyasi o'tgan 2022-yil hisobidan medallar jamg'arish bo'yicha Osiyo qit'asining “Yil federatsiyasi”, deya tan olindi va Osiyo boks konfederatsiyasi tomonidan maxsus mukofot topshirildi.

    Ushbu mukofotni O'zbekiston boks federatsiyasi raisi maslahatchisi Malik Babayev qabul qilib oldi.