Oʻzbekiston Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasini qabul qildi

    Oʻzbekiston 2025−2030-yillarga moʻljallangan Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasini qabul qildi, deya xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi.

    Milliy strategiya Bolalar saratoni boʻyicha global tashabbus (GICC), Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISEF, Vena xalqaro tibbiyot universiteti va boshqa xalqaro tashkilotlar koʻmagida ishlab chiqilgan.

    Vazirlikka koʻra, bu bolalar saratoniga qarshi kurashda yangi bosqichni boshlab beradi, tashxis qoʻyish va davolashda multidissiplinar yondashuvni taʼminlash orqali pediatriya yordamini koʻrsatish tizimini takomillashtiradi.

    Milliy strategiya, shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga yoʻl ochadi, kadrlar va infratuzilma salohiyatini mustahkamlaydi, bolalarga barcha darajalarda yuqori sifatli tibbiy yordam koʻrsatishga yagona yondashuvni shakllantiradi, deyiladi xabarda.

    «Bolalar saratoni endi oilalar yolgʻiz oʻzi kurashayotgan muammo emas, bu milliy ustuvorlikka aylandi. Strategiya 2030-yilga kelib yashovchanlik darajasini kamida 60 foizga yetkazish va oʻlim koʻrsatkichini 2,5 baravar kamaytirish boʻyicha majburiyatimizga mos keladi, bu esa jahondagi ilgʻor tajribani aks ettiradi», — dedi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov.

    15-may kuni vazirlik va idoralar, Ota-onalar uyushmasi, xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, JSST, YUNISEF, BMT Taraqqiyot dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholi jahon jamgʻarmasi, BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, BMTning Loyihalarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi, jamoat birlashmalari yetakchi vakillari hamda soha mutaxassislari strategiyani amalga oshirish yoʻllarini muhokama qildi.

    Muloqotda erta tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy dasturlarini joriy etish zarurati, tibbiyot muassasalari infratuzilmasini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, onkologik xizmatlarni raqamlashtirish orqali tibbiy yordam koʻrsatish, keng qamrovli monitoring tizimlari, shuningdek, ruhiy-ijtimoiy va oilaviy qoʻllab-quvvatlash yoʻllari borasida soʻz yuritildi.

    «Bolalar saratoni boʻyicha milliy strategiyani — aniq maqsadlar, aniq chora-tadbirlar va imkon qadar koʻproq bolalar hayotini saqlab qolish uchun zarur resurslarni oʻz ichiga olgan hujjatni ishlab chiqish Oʻzbekiston uchun muhim qadamdir. Ushbu strategiya mamlakatda toʻplangan haqiqiy maʼlumotlar asosida saraton kasalligiga chalingan bolalarga sifatli yordam koʻrsatish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi», — dedi JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari doktor Ashina Xalakdina.

    Oʻzbekiston JSSTning bolalar saratoniga qarshi kurash boʻyicha Global tashabbusiga qoʻshildi va saraton kasalligiga chalingan bolalarni dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha Global platformaning ishtirokchisiga aylandi. Buning natijasida bugun mamlakat boʻylab 16 ta tibbiyot muassasasida bolalar xavfsiz, samarali va bepul dori vositalarini olmoqda.

    YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rexina Mariya Kastijioning soʻzlariga koʻra, bolalar saratoni boʻyicha koʻp tarmoqli strategiya muhim boʻlib, kasallikka qarshi kurashda rivojlanishni tezlashtirish va barcha muhim tuzilmalarni birlashtirish uchun jiddiy imkoniyat yaratadi.

    “Bunday jamoaviy yondashuv muhim, chunki bolalar saratoniga qarshi kurash nafaqat hayotlarni saqlab qoladi, balki oilalar va sogʻliqni saqlash tizimiga uzoq muddatli iqtisodiy yukni ham kamaytiradi”, — dedi u.