Oʻzbekiston bolalar tashkilotining 24-anʼanaviy anjumani: Bolalarning tashabbuskorligi va yetakchilik salohiyatining yorqin namoyoni

    Bo'sh vaqtda 17 Iyun 2025 1211

    Oʻzbekistonda bolalarga boʻlgan eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan, ularning har tomonlama rivojlanishi, iqtidori va yetakchilik qobiliyatini roʻyobga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Bolalarning huquqlari, qiziqishlari va imkoniyatlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilda Oʻzbekiston bolalar tashkilotining 24-anʼanaviy anjumani yuqori saviyada tashkil etildi.

    Bolalarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda yangi bosqich

    2024-yil 15–16-fevral kunlari Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida ilgari surilgan tashabbus – Oʻzbekiston bolalar tashkilotini tuzish gʻoyasi katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega boʻldi. Mazkur tashabbus doirasida tashkil etilgan bolalar tashkiloti mamlakat miqyosidagi oʻziga xos faol va tashabbuskor bolalar maydoniga aylanmoqda. Tashkilot bolalarning iqtidori, har tomonlama kuchli va zukko boʻlib voyaga yetishida muhim platforma vazifasini oʻtamoqda.

    “Bolalar anjumani” – iqtidorlar uchrashuvi

    2025-yilning 2–6-iyun kunlari Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da boʻlib oʻtgan 24-anʼanaviy anjuman bolalarning faol ishtirokida oʻtdi. Respublika miqyosidagi 384 055 nafar sardorlar orasidan saralangan eng faol va iqtidorli 330 nafar Oʻzbekiston bolalar tashkilotining “Bolalar harakati” sardori, tashkilot faollari hamda yil davomida tashkil etilgan loyiha va tadbirlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan bolalar mazkur anjumanda qatnashish huquqiga ega boʻldi.

    Anjumanda nafaqat bolalar, balki ularning faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar, murabbiylar, pedagoglar va davlat idoralari vakillari ham ishtirok etib, bolalarning taklif va tashabbuslarini tinglash, ularni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

    Rivojlanish va liderlikka yoʻl ochuvchi tadbirlar

    Anjuman doirasida bolalar uchun turli xil tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, bolalarning yetakchilik qobiliyati, tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligini baholash, yurtimizdagi koʻp millatlilik va bagʻrikenglik anʼanalarini targʻib qilish, bolalarning intellektual salohiyatini oshirish, ijodiy fikrlash qobiliyati, sahna mahoratini namoyon qilishi uchun zamin yaratish maqsadida “Eng namunali “Bolalar harakati” sardorlari” tanlovi, “Xalqlar doʻstligi kuni” festivali, “Zakovat” intellektual oʻyini hamda “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvi oʻtkazildi.

    Anjuman doirasida oʻtkazilgan eng muhim tadbirlardan biri — “Eng namunaviy ʻBolalar harakatiʻ sardorlari” respublika tanlovida mamlakatning barcha hududlaridan tashrif buyurgan har biri 14 nafardan iborat jamoalar – “Bolalar harakati” sardorlari ishtirok etdi. Tanlovda ishtirokchilar 4 ta asosiy shart boʻyicha oʻz bilim, iqtidor va yetakchilik qobiliyatlarini namoyon etishdi.

    Oʻzbekiston bolalar tashkiloti Boshqaruv Kengashi raisi Hasanboy Nabiyev tanlovning ahamiyati haqida shunday dedi:

    “Eng namunaviy ʻBolalar harakatiʻ sardorlari respublika tanlovida har bir hududdan tashrif buyurgan 14 nafardan iborat Bolalar tashkilotining Bolalar harakati sardorlar jamoasi ishtirok etdi. Bu tanlovda ishtirokchilarimiz jami 4 ta shart asosida bellashishdi va eng munosib deb topilgan jamoalar anjumanning yopilish marosimida taqdirlandi.”

    Shuningdek, bolalar anjumani doirasida mahoratli trenerlar tomonidan bolalarda muloqot, jamoada ishlash, taym-menejment kabi koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida 10 dan ortiq oʻquv-seminarlar tashkillashtirildi.

    Bundan tashqari, har bir hudud sardorlari “Qadriyatlar, urf-odatlar, anʼana va bolalar” festival koʻrgazmalari hamda “Biz keldik” milliy fleshmoblar tanlovida ishtirok etishdi va bu orqali bolalarda milliy gʻoyaga sadoqat, madaniy merosga hurmat tuygʻusi yanada mustahkamlandi. Bu kabi tanlovlar sardorlarda jamoa bilan ishlash, ijodkorlik, masʼuliyat va tashabbuskorlik qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda. Ularda liderlik salohiyatini baholash, hududlararo hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish imkoniyatlari yaratiladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakilasi, “UzChess” yoʻnalishi sardori Sahibjamal Almagʻambetova esa oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, shunday dedi:

    “Men ushbu anʼanaviy bolalar anjumanida ishtirok etayotganimdan juda ham xursandman. Sababi, men bu anjumanda ilk bor qatnashmoqdaman. Anjuman davomida hududlardan kelgan tengdoshlarim bilan yangi gʻoyalar va takliflar yuzasidan fikr almashdik. Ayniqsa, ʻUzChessʻ yoʻnalishida bolalar uchun yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik masalalarini muhokama qildik.”

    Sahibjamal kabi faollar bolalar oʻrtasida intellektual salohiyatni oshirish, sport va aqliy oʻyinlarni ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslari bilan ajralib turishmoqda. Ularning gʻoyalari va tashabbuslari kelgusida respublika darajasida tatbiq etilishi mumkin.

    Ishtirokchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot

    Anjumanning muhim qismlaridan biri “Boʻyinbogʻsiz kun: Rahbar va bolalar” uchrashuvi boʻldi. Uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxonova hamda Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova va boshqa tashkilot vakillari ishtirok etib, bolalarning fikr va takliflarini tingladilar.

    Bolalar tomonidan taqdim etilgan 50 ga yaqin ijtimoiy, ekologik va taʼlimga doir loyihalar muhim va amaliy yechimlarga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi. Bolalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga bevosita va ochiq javoblar oldilar. Bu esa ularning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi.

    Eʼtirof va mukofotlar – faoliyatga baho

    Anjuman yakunida oʻtkazilgan tanlov va baholash natijalariga koʻra, hududlardan kelgan sardorlar jamoasi quyidagi nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topildi:

    • Eng tashabbuskor jamoa – Qoraqalpogʻiston Respublikasi
    • Eng ahil sardorlar jamoasi – Andijon viloyati
    • Eng bilimdon sardorlar jamoasi – Buxoro viloyati
    • Eng ijodkor sardorlar jamoasi – Fargʻona viloyati
    • Eng ijtimoiy faol sardorlar jamoasi – Jizzax viloyati
    • Eng intiluvchan sardorlar jamoasi – Navoiy viloyati
    • Eng zukko sardorlar jamoasi – Qashqadaryo viloyati
    • Yilning kreativ jamoasi – Samarqand viloyati
    • Eng kitobxon sardorlar jamoasi – Sirdaryo viloyati
    • Eng masʼuliyatli hududiy sardorlar jamoasi – Surxondaryo viloyati
    • Eng tartibli sardorlar jamoasi – Xorazm viloyati
    • Eng shijoatli sardorlar jamoasi – Toshkent viloyati
    • Eng yaxshi media faol jamoa – Toshkent shahri
    • 2025-yil mavsum gʻolibi – Namangan viloyati

    Gʻoliblarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi, ularning yutuqlari keng jamoatchilikka tanishtirildi. Bu kabi eʼtiroflar bolalarning yanada faollashishiga, kelgusi ishlarda yanada intilish bilan ishtirok etishiga turtki boʻldi.

    Xulosa oʻrnida

    Oʻzbekiston bolalar tashkilotining 24-anʼanaviy anjumani mamlakatimizda bolalarga qaratilgan eʼtibor, ishonch va ularning imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga boʻlgan saʼy-harakatlarning yorqin namoyoni boʻldi. Bu kabi anjumanlar yosh avlodning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, ularning orzu-intilishlariga yoʻl ochish, ijtimoiy faolligini oshirishda beqiyos ahamiyatga egadir.

    Kelgusida bolalarning qoʻllab-quvvatlanishi, ularni yetuk shaxs sifatida tarbiyalash borasidagi ishlarning yanada keng koʻlamda va samarali yoʻlga qoʻyilishi, shubhasiz, barkamol avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi. Anjumanda ishtirok etgan har bir bola oʻzida katta kuch, ishonch va motivatsiyani his etdi – bu esa ularni yangi yutuqlar sari ilhomlantirishi shubhasiz.


    Ibrohimjon GʻAFFOROV,

    Oʻzbekiston bolalar tashkiloti Boshqaruv Kengashi

    Axborot xizmati boʻlimi boshligʻi