“Qizlar va oʻgʻil bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash har bir bolaning huquqlari, jumladan, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya hamda zoʻravonlik va shafqatsiz munosabatdan himoya qilish huquqlari buzilgan hollarda adolatli, oʻz vaqtida amalga oshiriladigan samarali himoya vositalaridan foydalanish boʻyicha qonunlar, tizimlar va amaliyotlar mavjudligini anglatadi”, dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. “Adliya va aholini ijtimoiy himoya qilish tizimlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari bolaning alohida ehtiyojlari, yoshi, jinsi va qobiliyatini eʼtiborga olgan holda uning oliy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan boʻlishi kerak”, deb taʼkidladi u.

2016-yildan buyon Oʻzbekistonda milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga, qonun ustuvorligi boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribani joriy etishga qaratilgan huquqiy va sud-huquq islohotlarining yangi bosqichi izchil davom etyapti. Islohotlar davomida qonunchilikka bir qator muhim oʻzgarishlar kiritilgan boʻlsada, bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash Oʻzbekistonning huquqiy va qonun ustuvorligi islohotlari kun tartibida alohida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanmagan.

“Bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish faqatgina odil sudlovni va maʼmuriy tizimlarni mustahkamlashdan iborat emas. Bu turli davlat organlarining yaqin oʻzaro hamkorligi hamdir”, dedi bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova. “Bolalar uchun odil sudlov birinchi navbatda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarning mavjudligini va ozodlikdan mahrum qilish faqatgina soʻnggi chora sifatida koʻrilishini nazarda tutadi”.

Konferensiyada Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, masʼul davlat idoralari vakillari, soha mutaxassislari, fuqarolik jamiyati faollari, akademiklar, xalqaro ekspertlar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekistonda bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qisqa, oʻrta va uzoq muddatli harakatlar toʻgʻrisida kelishib oldi. Ular har biri uchun batafsil yoʻriqnomani oʻz ichiga olgan quyidagi keng koʻlamli tavsiyalarni berdilar:

- Bolalar uchun adolatli sudlovdan foydalanishni taʼminlash uchun keng qamrovli huquqiy va siyosiy asoslarni ishlab chiqish va qabul qilish.

- Jinoiy, fuqarolik va maʼmuriy adliya tizimlarining ixtisoslashuvini taʼminlash va qonun bilan aloqada boʻlgan bolalarning huquqlari va ehtiyojlarini qondirish mexanizmlarini moslashtirish.

- Qonun bilan aloqada boʻlgan bolalarga oʻz vaqtida va yetarli darajada yuridik yordam koʻrsatilishini taʼminlash.

- Bolalarni ozodlikdan mahrum etishni eng qisqa muddatga soʻnggi chora sifatida qoʻllash.

- Siyosat va dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholash uchun maʼlumotlarni toʻplash va boshqarish, shuningdek, bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyati boʻyicha tadqiqotlarni kuchaytirish.

- Bolalarning huquqiy imkoniyatlarini oshirish boʻyicha tashabbuslarni boshlash va bolalarning odil sudlovdan foydalanishlarini qoʻllab-quvvatlashga oilalar va mutaxassislarni jalb qilish.

- Bolalarning adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash uchun tarmoqlararo hamkorlikni kengaytirish.

- Bolalarning odil sudlovdan foydalanishiga toʻsqinlik qiluvchi ijtimoiy normalar bilan kurashish.