Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da faollashtirish va kengaytirish masalalari, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik doirasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishning joriy holatini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yuksak ishonch va o‘zaro anglashuv bilan ajralib turadigan yangi bosqichga ko‘tarilgani, bu ikki tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmlarini joriy etish va yangi yo‘nalishlarda yaqin aloqalarni o‘rnatish imkonini bergani taʼkidlandi.
Siyosat, investitsiyalar, savdo, moliya, sanoat, sog‘liqni saqlash, taʼlim va innovatsiya sohalarida konstruktiv muloqotni kengaytirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Ushbu oyda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” Muloqoti doirasidagi tashqi ishlar vazirlarining 8-yig‘ilishining mazmun-mohiyati taʼkidlab o‘tildi. Tadbir davomida uning ishtirokchilari hamkorlikni yana-da kengaytirish va o‘zaro hamkorlik kun tartibini Muloqotda ishtirok etuvchi mamlakatlarning barqaror rivojlanishini taʼminlashga yo‘naltirilgan mintaqaviy ahamiyatga molik o‘zaro manfaatli va ko‘p tomonlama loyihalar bilan boyitish yuzasidan takliflar almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, xususiy sektorni rivojlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi hamda yuzaga kelayotgan barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy va texnik, madaniy hamkorlikni ilgari surish maqsadida muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.