Oʻzbekiston boʻyicha 17-21-mart kunlariga ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi

    Mamlakatimizda 17 Mart 2023 2019

    Shanba kuni respublikamizning janubi-gʻarbiy hududlariga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizidan kelayotgan siklon bilan bogʻliq boʻlgan bulutli massivlar kirib kelishi boshlanadi.

    Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi saqlanib turadi, faqat Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarining baʼzi joylarida biroz yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Yakshanba va dushanba kunlari respublika hududi boʻyicha nam siklon oʻtishida beqaror ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Oʻzbekistonning koʻpchilik viloyatlarining baʼzi joylarida yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Fargʻona vodiysi viloyatlarida 20-mart kuni yomgʻir yogʻadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yogʻingarchilik kutilmaydi.

    Respublikaning togʻoldi va togʻli hududlarida baʼzi joylarda yomgʻir kuchli boʻladi.

    Ushbu kunlarda havo harorati nisbatan pasayadi va +17...+20 daraja iliqni tashkil etadi.

    17-19-martda respublikaning ayrim hududlarida shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    21-mart “Navroʻz” bayrami nishonlanadigan kuni Oʻzbekiston aholisini kam bulutli va quruq ob-havo quvontiradi. Havo harorat yana +22+25 darajaga koʻtariladi.

    17-21-mart kunlari Toshkent, Namangan viloyatlarining togʻli hududlarida 2000 metrdan yuqorida qor koʻchishi xavfi bor.

    Poytaxtimizda: bugun va ertaga yogʻingarchilik kutilmaydi. Asosan kuchsiz shamol sharqiy yoʻnalishda esadi. Havo harorati kechalari +8+10 daraja iliq, kunduzi kunlari +21...+23 daraja iliq boʻladi.

    Yakshanba kuni kechga tomon yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol 5-10 m/s tezlikda esishi saqlanib turadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kechasi +8+10 daraja iliq, kunduzi +20...+22 daraja iliq boʻladi.

    Dushanba kuni vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat kechasi +8...+10 daraja iliq, kunduzi +17...+19 daraja iliq boʻladi.