Oʻzbekiston boʻylab sovuq antitsiklon va inversiya uzoqroq davom etadi

    Mamlakat hududida kuzatilayotgan sovuq antitsiklon taʼsiri 5-dekabrga qadar saqlanib turishi kutilmoqda. Demak, 5-dekabr kuniga qadar yomgʻirdan darak yoʻq.

    Bu haqda Oʻzgidromet maʼlum qildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, 29-noyabrdan boshlab uning taʼsiri yanada kuchayib, atmosfera bosimining oshishi, havo haroratining pasayishi va kechalari sovuq, kunduzi esa uncha iliq boʻlmagan ob-havo kuzatilishi mumkin. Antitsiklonlarga xos tarzda ertalabki tumanlar ehtimoli ham yuqori.

    Yuqori bosimli maydon kelgusi 10 kun davomida hukm surishi prognoz qilinmoqda.

    Oʻzgidromet avvalroq inversiya 29-noyabrgacha davom etishi haqida xabar bergan edi. Biroq yangilangan sinoptik kuzatuvlarga koʻra, sovuq antitsiklon davom etayotgan bir paytda inversiya hodisalari ham kutilganidan uzoqroq vaqt saqlanishi mumkin.

    Uzoq muddatli inversiya oʻz navbatida chang, tutun va mayda zarrachalar (PM) miqdorining oshishiga, shuningdek, quyuq tuman holatlariga olib kelishi ehtimoli bor.