Dunyoning 110 mamlakatidan qariyb 3 ming 600 nafar sportchi ishtirok etadigan oʻyinlarda Oʻzbekiston terma jamoasi ham qatnashadi.

Jahon oʻyinlari har 4 yilda oʻtkaziladigan, dasturining aksariyati noolimpiya sport turlaridan tashkil topgan kompleks musobaqa hisoblanadi. Oʻtgan yili oʻtkazilishi lozim boʻlgan musobaqa epidemiologik vaziyat sabab 1 yilga surilgan.

Reglamentga koʻra, musobaqada ishtirok etish uchun sportchilar oʻz yoʻnalishlarida jahon chempionligini qoʻlga kiritgan boʻlishi yoki maʼlum kvalifikatsion musobaqadan oʻtishi kerak.

Bu yilgi Butunjahon oʻyinlarida Doston Otabolayev (karate), Yekaterina Fetisova (badiiy gimnastika), Darya Latisheva (ushu), Bahromjon Masharipov (jiu-jitsu), Fanat Qahramonov (muay-tay) yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Butunjahon oʻyinlarida dasturida akrobatika, rollerda figurali uchish, sohil voleyboli, bouling, sumo, arqon tortish kabi 30 ta sport turini uchratish mumkin. Musobaqa tarixida Oʻzbekiston vakillari 1997-yil 1 tadan oltin va kumush, 2005-yil 1 ta bronza medaliga sazovor boʻlgan.

Sport oʻyinlari 17-iyulgacha davom etadi.