O‘zbekiston CAREC dasturining 23-vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi

    Joriy yil 8-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabaev boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining (CAREC) 23-vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.

    Konferensiyada «Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha CAREC harakatlar rejasi», «CAREC o‘rta muddatli istiqbollar sharhi – 2030», «Dekarbonizatsiya va mintaqaviy energiya xavfsizligini rag‘batlantirish», «Iqlim o‘zgarishi muammolariga innovatsion yechimlar va sun'iy intellektning roli», «CAREC 2 koridori rivojlantirish» va « CAREC institutini faollashtirish rejasi» masalalari muhokama etildi.

    OTB vitse-prezidenti, CAREC dasturida ishtirok etuvchi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari, OTB, Jahon banki, OIIB, YeTTB departamentlari rahbarlari va CAREC ning taraqqiyot bo‘yicha boshqa xalqaro hamkorlari hisobotlari tinglandi.

    Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda so‘nggi 20 yil ichida CAREC doirasida umumiy qiymati 19 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Kelgusi besh yilda O‘zbekistonda umumiy qiymati 12,6 milliard dollar bo‘lgan 41 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

    Panel munozaralarida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon delegatsiyalari rahbarlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatlari birinchi navbatda, energetika, innovatsiyalar, raqamlashtirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi sohalarida mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga ijobiy ta'sir ko‘rsatayotganini ta'kidladilar.

    2025-2026-yillarga mo‘ljallangan CAREC flagman loyihalari orasida energiya, raqamlashtirish, to‘siqsiz elektron tijorat, «yashil iqtisodiyot», iqlim va barqaror rivojlanish bo‘yicha CAREC jamg‘armasi konsepsiyasini ishlab chiqish, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li orqali bog‘liqlikni mustahkamlash loyihalari ilgari surildi.

    Konferensiya doirasida «OTB va Xitoy Xalq Respublikasi Moliya vazirligi o‘rtasida Iqlim va barqaror rivojlanish bo‘yicha loyihalarni tayyorlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi bitim», «OTB va Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida Iqlim va barqaror rivojlanish loyihasini tayyorlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi bitim», «OTB va Ozarbayjon hukumati, Qozog‘iston Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida Kaspiy dengizi yashil energiya koridori loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum» va «O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va OTB o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi» imzolandi.

    So‘nggi hujjatga ko‘ra, OTB O‘zbekiston Respublikasining JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlash uchun grant sifatida 225 ming dollar miqdorida texnik yordam ko‘rsatib kelyapti.

    Bundan tashqari, OTB kredit bitimini erta imzolash maqsadida transport yo‘laklarining barqarorligini oshirish va modernizatsiya qilish loyihasini ko‘rib chiqishni tezlashtirishga, shuningdek, temir yo‘llarni modernizatsiya va elektrlashtirish loyihalarida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

    Konferensiya yakunlari bo‘yicha Vazirlarning Qo‘shma bayonoti qabul qilindi va 2025-yilga mo‘ljallangan CAREC dasturi bo‘yicha Qirg‘iziston Respublikasini raislik qiluvchi tomon etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.