O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etildi

    Ta'lim 5 Noyabr 2020 6043

    O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorida Moliya va soliq sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadlari o‘z aksini topgan.

    Qaror bilan Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi negizida Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etildi.

    Shuningdek, institutda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi

    - soliqqa tortish va moliyaviy nazorat sohalari uchun bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni kredit-modul tizimi asosida tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini takomillashtirish;

    - kadrlar tayyorlash borasida xorijiy davlatlarning soliq organlari va o‘quv muassasalari bilan tajriba almashishni kengaytirish hamda qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, o‘quv-taʼlim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilish;

    - byudjet daromadlarini shakllantirishda davlat manfaatlarini hamda soliq to‘lovchilarning huquqlarini taʼminlay oladigan kadrlarni tarbiyalash va boshqalar.

    Institut soliqlar va soliqqa tortish sohasi uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

    Qarorga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti bilan Institut tuzilmasida mazkur universitetning bo‘linmasi (fakulteti) tashkil etiladi.

    Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universitetining Institut tuzilmasidagi bo‘linmasi (fakulteti) moddiy-texnik taʼminoti joriy yilda Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

    Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institutning samarali faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

    Davlat rahbari qarorida institut Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazining barcha huquq, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi ekanligi qayd etilgan.

    Institutda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

    Oliy taʼlim muassassasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan yo‘nalishlar doirasida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi taʼlim shaklida ham o‘qitish tashkil etiladi. Bunda talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning o‘qishi uchun to‘lov ish beruvchining xodim bilan kelishilgan shartnomasiga muvofiq belgilangan shaklda amalga oshiriladi.

    2021 yil 1-martga qadar Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimiga yuqori malakali xorijiy mutaxassis tayinlanadi.

    Hujjatda, shuningdek, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona va Toshkent soliq kollejlarini Institut huzuridagi Farg‘ona va Toshkent soliq texnikumlari etib qayta tashkil qilinishi belgilandi.

    Taʼlim dargohida o‘qish tizimi xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar – Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education va Academic Ranking of World Universities reytinglarining barchasida bir vaqtda birinchi 1 000 ta o‘rinni egallagan oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlaridan foydalangan holda tashkil etiladi.