Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga oʻqishga qabul qilishda korrupsiyaviy omillar aniqlandi - Bosh prokuratura

    Ta'lim 15 Iyul 2023 858

    Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi faoliyati oʻrganilganida, oliygohga oʻqishga qabul qilishda shaffoflik taʼminlanmasdan, korrupsiyaviy omillarga zamin yaratilgani aniqlandi.

    Xususan:

    – meʼyoriy hujjatlar talablariga zid ravishda oʻqishga qabul boshlangani haqida keng jamoatchilikka bir oy oldin xabar berilmagan;

    – 496 nafar abituriyentning ijodiy imtihon natijalari videotasvirga olinmagan;

    – 52 nafar abituriyentning amaliy ishlari shifrlanmasdan, maxfiyligi taʼminlanmagan holda qabul komissiyasi tomonidan baholangan.

    Bundan tashqari, akademiyada 22 nafar oʻqituvchi-pedagoglarga dars mashgʻulotlari meʼyor talablariga zid ravishda qoʻshib yozilib, 319 mln. soʻm, oʻtilmagan dars soatlari uchun 154 mln. soʻm toʻlab berilgan.

    Hujjatlar soxtalashtirilib, haqiqatda ishlamagan 7 nafar xodimlarga 270 mln. soʻm, yuklatilgan vazifalarni bajarmagan 6 nafar xodimlarga 107 mln. soʻm asossiz toʻlanib, byudjet mablagʻlari oʻzlashtirilgan.

    Moddiy javobgar shaxslar tomonidan 76 mln. soʻmlik tovar-moddiy boyliklar kamomadiga yoʻl qoʻyilgan.

    Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.