Qarorga koʻra:

Filial tarkibida “Lazgi” ijrochiligini yana-da rivojlantirish boʻlimini ochiladi.

Filial va “Lazgi” boʻlimining asosiy vazifalari etib tegishli ravishda quyidagilar belgilangan:

- kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning yetuk va malakali mutaxassislarini jalb qilish orqali ilm-fan va taʼlimning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash;

- raqs sanʼati boʻyicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib borish salohiyatiga ega ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

- ilmiy tadqiqotlar natijalari boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;

- talaba yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda ularning xorijda taʼlim olishi, ilmiy- ijodiy ishlar olib borishini samarali tashkil etish, hamkorlikdagi konsert dasturlarini muntazam asosda yoʻlga qoʻyish;

- kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yana-da rivojlantirish, iqtidorli talaba yoshlarni ushbu yoʻnalishga keng jalb etish;

- soha mutaxassislarining xorijiy turdosh oliy taʼlim muassasalarida qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, stajirovka oʻtashlarini tizimli tashkil etish;

- “Lazgi” ijrochiligini yana-da rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;

- fan-taʼlim va ijrochilikning integratsiyalashuvini taʼminlash;

- “Lazgi” ijro yoʻli namunalari “Oltin fondi”ni yaratish;

- anʼanaviy “Lazgi” ijro yoʻlini asrab-avaylash, uni zamonaviy ijro uslublari namunalari bilan yana-da takomillashtirish, raqsning ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bogʻliq jihatlarini olimlar va ijrochi mutaxassislar ishtirokida chuqur oʻrganish;

- “Lazgi” ijro yoʻlini keng targʻib qilish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

- “Lazgi” ijro namunalarini ommaviy axborot vositalari hamda Internet axborot tarmogʻi orqali chet ellarda keng targʻib qilish.

Shuningdek, “Lazgi”ning yaratilish tarixi va rivojlanish davrini qamrab olgan doimiy ekspozitsiya, “Lazgi” ijro yoʻlida yaratilgan ijod namunalarining fonotekasi, “Lazgi”ga oid liboslar namunalari galereyasi, koʻrgazmalar zali hamda artistik kafesi, “Lazgi” bolalar havaskorlik teatr-studiyasi tashkil etiladi.

Filialda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi.

Filialga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul koʻrsatkichlari har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.