Oʻzbekiston delegatsiyasi “ArMI-2022” Xalqaro armiya oʻyinlarining I rejalashtiruvchi konferensiyasida ishtirok etdi

    Harbiy 24 Dekabr 2021 2635

    Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi boshligʻi polkovnik Shavkatbek Mamajonov rahbarligidagi mamlakatimiz harbiy delegatsiyasi joriy yilning 22-24-dekabr kunlari Rossiya tomonining taklifiga binoan Rossiya poytaxti Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan “ArMI-2022” Xalqaro armiya oʻyinlarining I rejalashtiruvchi konferensiyasida ishtirok etdi.

    Ushbu konferensiyani oʻtkazishdan maqsad, “ArMI-2022” Xalqaro armiya oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy masalalarni muhokama qilishdan iborat boʻldi.

    Tadbirda Ozarbayjon, Aljir Xalq Demokratik Respublikasi, Armaniston, Bangladesh, Belarus Respublikasi, Venesuyela, Vetnam Sotsialistik Respublikasi, Zimbabve, Hindiston, Eron Islom Respublikasi, Qozogʻiston, Qatar, Qirgʻiziston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Myanma, Pokiston Islom Respublikasi, Falastin, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Tojikiston, Shri-Lanka va Oʻzbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etdilar.

    Konferensiyada Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari polkovnik Shavkatbek Mamajonov ishtirokchilar eʼtiboriga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillarining xalqaro musobaqalardagi munosib ishtiroki haqida taqdimot hamda “ArMI-2022” Xalqaro armiya oʻyinlarining baʼzi musobaqalarini bizning mamlakatimiz hududida oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining takliflarini havola etdi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.