Oʻzbekiston delegatsiyasi gaz taʼminoti boʻyicha Turkiya tajribasini oʻrgandi

    Energetika 19 Iyul 2021 951

    Energetika vaziri oʻrinbosari boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 2021-yil 1-10-iyul kunlari Turkiyada energetika sohasidagi islohotlarining borishini, gaz transport tizimini oʻrganish maqsadida amaliy tashrif bilan Turkiya Respublikasida boʻldi.

    Oʻrganish davomida delegatsiya aʼzolari ushbu sohada faoliyat yuritayotgan Turkiyaning yetakchi kompaniyalari faoliyati bilan tanishdilar. Xizmat safari davomida delegatsiya bir qator shaharlarga tashrif buyurdi, xususan, Doʻzche shahridagi gaz yetkazib berish operatorining ish jarayonlari, shu jumladan hisobga olish, sifati va asosiy koʻrsatkichlarining aniqlanishi bilan tanishildi. Shuningdek, shirkatning tarkibiy tuzilmasi, unda abonentlarning gaz taʼminotiga ulanishi, loyihalash jarayoni, uy ichi tarmoqlarini qurish, shartnomalarni rasmiylashtirish, toʻlovlarni amalga oshirish, gaz hisoblagichlardan koʻrsatkichlarni olish jarayonlari koʻzdan kechirildi.

    Shuningdek, Bolu shahrida yer osti gaz quvurlarining texnik holatini diagnostika qilish tizimi va gazlashtirish tajribasi oʻrganildi. Xususan, gaz taqsimlash punktlarining holati, texnik tavsifi, ish rejimi hamda gazlashtirish jarayonlari oʻrganildi. Koʻp qavatli uylarga tabiiy gaz yetkazib beruvchi va xonadon ichidagi quvurlarning montaj qilinishi, loyihalash jarayoni, mobil laboratoriya va undagi gaz siqib chiqishini aniqlovchi qurilmalarni amalda ishlatilishi bilan tanishildi.

    Xususan, tabiiy gaz yetkazib berishga ixtisoslashgan “AKSA DOGAL GAS” kompaniyasining ushbu sohadagi tajribasi oʻrganildi. U 2000-yilda tashkil etilgan boʻlib, Turkiyaning 31 ta viloyat hududida joylashgan 27 ta viloyat markazi hamda 197 ta tuman va shaharlarda gaz taʼminoti boʻyicha litsenziyaga ega operator hisoblanadi.

    Kompaniya Turkiyada faoliyat yuritadigan 72 ta gaz taʼminoti operatoridan 21 tasiga egalik qiladi. “AKSA DOGAL GAS” 32 ming km gaz tarmogʻi orqali 3,7 mln isteʼmolchilarga yiliga 9,6 mlrd kub metr (ichki isteʼmolning 20 foizi) atrofida gaz yetkazib beradi.

    Oʻzbekiston mutaxassislari kompaniyaning maʼlumotlar markazi (Data-sentr), Respublika dispetcherlik markazi, isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish tizimi va boshqa sohalarda innovatsion tizimlar faoliyati bilan tanishdi.

    Turkiyada isteʼmolchilar murojaatalarini qabul qilish boʻyicha respublikadagi yagona taqsimot markazi (Data-sentr) tashkil etilgan boʻlib, barcha hududlardagi isteʼmolchilardan murojaatlar ushbu markazga toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinib, joylarga yuboriladi. Murojaat kelib tushgan hududga eng yaqin boʻlgan guruh GPRS tarzda aniqlanib, unga yuboriladi. Belgilangan joyga yetib borish vaqti meʼyori 15 daqiqa belgilangan.

    ASKUG tizimini Oʻzbekistonda tatbiq etish doirasida uskunalarning zarur elementlaridan biri – tabiiy gazni tartibga soluvchi vositalar Turkiyadan yetkazib berilmoqda. Xizmat safari davomida delegatsiya ushbu regulyatorlarni ishlab chiqaruvchi “ESKA” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. “ESKA” tomonidan gaz regulyatorlari va gaz taqsimlash punktlarini ishlab chiqarish, sifat nazorati, qadoqlash va yuklash asosan inson omilisiz avtomatlashtirilgan tizimdagi robotlar tomonidan amalga oshiriladi.

    Xizmat safari dasturida plastik va regulyatorlar ishlab chiqaruvchi “NTG Plastik” zavodi faoliyati bilan tanishildi. Zavod 1978-yilda tashkil etilganidan beri u turli xil polietilen quvurlar va armatura ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona asosan eksport uchun faoliyat yuritadi, xususan, bu yerda ishlab chiqarilgan polietilen quvurlar (diametri 20 mm.dan 1200 mm.gacha) va qariyb 800 turdagi ulagichlar dunyoning 65 mamlakatiga yetkazib beriladi. Barcha mahsulotlar xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlangan.

    Turkiya energetika va tabiiy resurslar vazirligi, Energiya bozorini tartibga solish idorasi (EMRA), “BOTAS Petroleum Pipeline Corporation” davlat kompaniyasi rasmiylari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdilar.

    Ikki mamlakat mutaxassislari gaz taʼminotini tashkil qilishda ilgʻor tajribalarni qoʻllash imkoniyatlari toʻgʻrisida fikr almashdilar.

    Turkiyaning gaz uchun qonunchilikda belgilangan tarif siyosatiga muvofiq, mamlakatda uy-joy isteʼmolchilari, sanoat isteʼmolchilari va energiya ishlab chiqaruvchilar uchun 3 turdagi tarif narxlari mavjud.

    Maʼlumot uchun: 2020-yilda Turkiyada tabiiy gaz isteʼmolchilarining umumiy soni 17,5 millionni tashkil etadi, shundan 16,8 millioni aholi isteʼmolchilari hisoblanadi.

    Turkiya Respublikasida tabiiy gazning umumiy isteʼmoli 47,7 mlrd kub metrni, shu jumladan aholi isteʼmolchilari – 15,4 mlrd kub metrni, elektr stansiyalari – 13,6 mlrd kub metrni, sanoat – 12,7 mlrd kub metrni va boshqalar 6,0 mlrd kub metrni tashkil etadi. Bunda tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoj 99,7 foizga importdan qoplanadi (Rossiya, Ozarbayjon va Erondan – tabiiy gaz hamda Jazoir, XDR va Nigeriyadan – suyultirilgan tabiiy gaz).

    Xizmat safari natijalariga koʻra, Turkiya tajribasiga asoslanib, bozor mexanizmlarini joriy etish elementlarini qoʻllash imkoniyati bir qator yoʻnalishlarda koʻrib chiqiladi. Xususan, energetika bozori regulyatorini yaratish, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tizimi obyektlarini foydalanish uchun investorlarga berish va boshqalar.

    Energetika vazirligi Matbuot xizmati