Sammitda barqaror rivojlanish manfaatlaridan kelib chiqib, muloqot orqali birdamlik va hamjihatlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqilyapti.
Oʻzbekiston delegatsiya rahbari Nuriddin Ismoilov ushbu sammitdagi nutqida IHT oʻz oldidagi maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, musulmon xalqlari va aʼzo davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, sivilizatsiyalar, madaniyatlar oʻrtasida oʻzaro tushunish va muloqot uchun imkoniyat yaratish, oʻzaro hurmat va hamkorlikni ragʻbatlantirish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirayotganini taʼkidladi. IHT doirasida Oʻzbekiston tomonidan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan qator tadbirlar haqida ham batafsil maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston vakili, shuningdek, soʻnggi yillarda nafaqat qoʻshni davlatlar, balki arab-musulmon mamlakatlari bilan rivoj topib borayotgan hamkorlik aloqalariga ham toʻxtaldi.
Sammitda xalqaro iqtisodiy aloqalar, iqlim bilan bogʻliq tahdidlar va boshqa global masalalar muhokama qilinyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.