Oʻzbekiston delegatsiyasi konfessiyalararo muloqot boʻyicha ikkinchi parlament konferensiyasida ishtirok etyapti

    Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Bahrom Abdullayev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Italiyaning Rim shahrida boʻlib oʻtayotgan Parlamentlararo ittifoqning konfessiyalararo muloqotga bagʻishlangan ikkinchi konferensiyasida ishtirok etyapti.

    Ushbu nufuzli tadbirda dunyo mamlakatlaridan parlament aʼzolari, diniy rahbarlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va yoshlar vakillari qatnashyapti.

    Anjuman doirasida oʻtkazilgan turli mavzulardagi sessiyalar va yuqori darajadagi panel muhokamalarida dunyo miqyosidagi diniy toqatsizlik, konfessiyalararo nizolar va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirish boʻyicha amaliy yechimlar muhokama etildi.

    Xususan, davlatlar oʻrtasidagi tarixiy va etno-konfessiyaviy ziddiyatlar, ularni bartaraf etishda barqaror dinlararo muloqot mexanizmlarini joriy etish, diniy masalalarda bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirish orqali tinch va barqaror jamiyat qurish, yoshlarning ushbu jarayonlardagi faol ishtiroki hamda bagʻrikenglik va oʻzaro tushunish madaniyatini keng targʻib etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, dunyo miqyosidagi diniy ziddiyatlarni yumshatish va global bagʻrikenglik muhitini shakllantirishga oid qator tavsiyalar ilgari surildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.