Oʻzbekiston delegatsiyasi “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 1 Dekabr 2021 1557

    2021-yil 30-noyabrda Dushanbe shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” 14-hamkorlik forumida ishtirok etdi.

    Bu galgi forumda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, yashil iqtisodiyot, uglerod neytralligini taʼminlash, sogʻliqni saqlash va raqamlashtirish sohalarida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov kun tartibidagi asosiy masalalar boʻyicha mamlakatimizning istiqbollari yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi. Xususan, iqlim muammolariga qarshi kurashish sohasida Oʻzbekiston tomoni “yashil” kun tartibini ilgari surish va iqlim oʻzgarishi jarayonlarini jilovlash boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyorligini maʼlum qildi. Mintaqa iqtisodiyotining uglerod neytralligiga erishish boʻyicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklifi bildirildi.

    Pandemiyaga qarshi kurashish, jumladan, vaksinalar ishlab chiqarish, ularning barchaga qulayligi, adolatli taqsimlanishi va emlash sertifikatlarining tan olinishini taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtirishni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

    Raqamlashtirish sohasida tajriba almashish va innovatsion ishlanmalarni almashish uchun ekspertlar va IT-mutaxassislari uchun doimiy platforma yaratish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

    2022-yilda Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻlishini inobatga olib, ushbu muhim sanani birgalikda nishonlash dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

    Forum yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

    ***

    Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chon Iy Yon bilan uchrashuv oʻtkazdi. Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, oliy va yuqori darajadagi boʻlajak tadbirlar jadvali koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.