Oʻzbekiston delegatsiyasi London shahrida YETTB tomonidan tashkil etilgan forumda ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 26 Yanvar 2024 3432

    Joriy yil 25-yanvarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) Londondagi bosh qarorgohida “Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik” mavzusida xalqaro forum oʻtkazildi.

    YETTB, Oliy Majlis Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi va “Sabr” Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 100 dan ortiq yuqori darajadagi ishtirokchilar, jumladan, YETTB vakillari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, vazirliklar, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) va biznes hamjamiyatlari vakillari ishtirok etdi.

    Xalqaro forumda Oʻzbekistonning davlat organlari, biznes tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida muvaffaqiyatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, ayollar tadbirkorligi bilan bogʻliq muammolarni hal etish, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda koʻmak berilayotgani taʼkidlandi.

    Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva keyingi 7-yilda mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida tub oʻzgarishlar amalga oshirilganini alohida taʼkidladi.

    – Bugun oʻzbekistonlik tadbirkorlar jahon bozorlariga ishonch bilan qadam qoʻymoqda. Byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi, majburiy va bolalar mehnatiga toʻliq barham berildi, gender tenglikni taʼminlashda amaliy natijalarga erishildi. Bularning barchasi jahon hamjamiyatining munosib eʼtirofiga sazovor boʻlyapti. Bunday natijalarga erishishda fuqarolik bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi, – deb taʼkidladi Т.Нарбаева.

    Qoʻyilayotgan yuksak maqsadlarga erishishda xalqaro hamkorlarning qoʻllab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etishiga toʻxtalar ekan, Senat Raisi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish yoʻlidagi strategik hamkoriga aylanganini eʼtirof etdi.

    Taʼkidlash joiz, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Oʻzbekiston YETTB tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar boʻyicha yetakchilik qilmoqda va mazkur investitsiyalar qayta tiklanadigan energetikadan tortib, bank ishigacha boʻlgan sohalarga kiritilyapti. Bankning mamlakatdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshadi hamda soʻnggi toʻrt yilda 3,3 milliard yevrolik loyihalar oʻz ishini boshlagan.

    Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso Oʻzbekiston va YETTB oʻrtasida mustahkam sheriklik va hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani hamda gender tenglikni ragʻbatlantirish va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish umumiy strategik ustuvor vazifalardan biri ekaniga alohida urgʻu berdi. Mazkur yoʻnalish kuni kecha ushbu moliyaviy tuzilmaning Direktorlari kengashi tomonidan maʼqullangan Oʻzbekistonga oid 2024-2029-yillarga moʻljallangan yangi strategiyada ham oʻz aksini topganini aytib oʻtdi.

    – Darhaqiqat, bugungi kunda Oʻzbekiston butun Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi islohotchi sifatida tan olingan. Biz bu borada Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz va men 2024-yilda va undan keyingi yillarda ham kuchli hamkorligimizdan umidvorman, – deb taʼkidladi YETTB prezidenti.

    Forumda 2016-yildan buyon Oʻzbekistonda nafaqat davlat boshqaruvi, balki barcha jabhalarda, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, moliyaviy va nomoliyaviy resurslardan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan innovatsion oʻzgarishlar taqdim etildi.

    Forumda ayollar tadbirkorligi, jumladan, uni moliyalashtirish va taʼlim dasturlari bilan bogʻliq muvaffaqiyatlar, ilgʻor tajribalar, muammolar va yechimlar boʻyicha ekspert panellari tashkil etildi.

    Tadbir ishtirokchilari ijobiy tajribalarni oʻrgandilar va kelajak uchun oʻz strategiyalarini ishlab chiqdilar.

    Forum doirasida Oʻzbekiston tadbirkor ayollari va hunarmandlarining “Sharq bozori” xayriya koʻrgazma-yarmarkasi hamda “Oʻzbekiston ayollari hayotida bir kun” ijodiy fotokoʻrgazmasi tashkil etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.