O‘zbekiston delegatsiyasi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» 15-hamkorlik forumida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Oktabr 2022 1961

    2022-yil 25-oktyabrda Pusan shahrida (Koreya Respublikasi) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» 15-hamkorlik forumida ishtirok etdi.

    O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Koreya Respublikasi, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va farovonligini ta'minlash bo‘yicha Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini tatbiq etish orqali hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.

    Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda hamkorlikning ushbu shakli boshlanganining 15 yilligi nishonlanayotgan mazkur yilda bu galgi Forum alohida ahamiyatga egaligini ta’kidladilar.

    Forum 2007-yilda Koreya Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi ila Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.

    Koreya Respublikasi texnologik va kadrlar almashinuvini kengaytirish, sanoat, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, elektron hukumat, axborot texnologiyalari, ta’lim, o‘rmonlarni qayta tiklash, standartlashtirish, inson resurslarini rivojlantirish va boshqa sohalarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish bo‘yicha amaliy tajribani o‘rtoqlashish orqali mintaqa rivojiga hissa qo‘shmyapti.

    O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida pandemiyadan keyingi tiklanishning eng muhim tarkibiy qismlari bo‘lgan an’anaviy tibbiyot, raqamlashtirish, ekologiya, turizm va iqtisodiy xavfsizlik sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlikni birgalikda yo‘lga qo‘yish, shuningdek, inqirozni birgalikda yengib chiqish va mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta'minlash dolzarbligini ta’kidladi.

    Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusining konseptual ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

    Iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, buning Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror rivojlanishiga salbiy ta’siri tadbir ishtirokchilari e’tiboridan chetda qolmadi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan maxsus rezolyusiya sifatida qabul qilingan Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan O‘zbekiston manfaatdor ekanligi qayd etildi.

    Tadbir ishtirokchilariga ekspert va tahliliy doiralar o‘rtasida muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Toshkent shahrida ilk anֽ’anaviy tibbiyot forumini o‘tkazish taklif etildi.

    Forum doirasida Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasining tarmoq vazirlik va idoralari ishtirokida gibrid formatda alohida sessiyalar, shuningdek, Markaziy Osiyo-Koreya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda turizm ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Forum yakunlari boo‘icha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.